“Bor mehrimiz senga, bolajon”
Sirdaryo viloyati qon quyish markazida shu shior ostida donorlik xayriya aksiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sirdaryo viloyati qon quyish stansiyasida o‘tkazilgan xayriya tadbirida “Adolat” SDP Sirdaryo viloyati Kengashi va “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi vakillari, deputatlar ishtirok etdi. Aksiyada Sirdaryo viloyati mudofaa bo‘limi, Guliston shahar ichki ishlar bo‘limi xodimlari ham faol ishtirok etdi.

Xayriya aksiyasida hamkor tashkilot “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi Sirdaryo viloyati filiali rahbari Yu.Usmonova donorlik qilgan fuqarolarga jamg‘arma tomonidan bepul dori-darmonlar tarqatdi.
Donorlik aksiyasi Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi binosida “ISUZU HC40” sayyor mobil donorlik kompleksida davom etdi. Unda viloyat FVB xodimlari ko‘ngilli donorlar sifatida qon topshirdi.

“ISUZU HC40” rusumli avtotransport vositasi negizida tayyorlangan ko‘chma donorlik majmuasi zamonaviy jihozlangan. Unda bir vaqtning o‘zida uch nafar donordan qon olish mumkin. Mobil donorlik komplekslari yurtimizda sayyor donorlikni rivojlantirish, hududlarda sifatli qon komponentlarini yig‘ish ishlarini samarali tashkil etishga xizmat qilmoqda.

Sirdaryo viloyati qon quyish stansiyasi bosh shifokori Haydar Salomov qon tahlili uchun keltirilgan zamonaviy tibbiyot uskunalari haqida batafsil ma’lumot berdi. Mazkur tadbirda 90 nafar donor ishtirok etdi.
Sh.Suyarov, O‘zA muxbiri.