Bu haqda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Buxoro shahrida Turizm shaharchasini tashkil etish masalasiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Turizm yo‘nalishidagi amaliy o‘zgarishlar bo‘yicha keyingi 7 yil davrini tahlil qiladigan bo‘lsak, Buxoroga ham xorijdan turistlar oqimi kelishi keskin ko‘payishi kuzatildi. Masalan, 2023 yilda Buxoroga 1 million 387 ming nafar xorijiy turist keldi. Xolbuki, bu ko‘rsatkich 2016 yil yakunida 169,6 ming nafar, ya’ni nisbatan 8 baravar kam bo‘lgan.Turizm xizmatlari xarajatlari 339,1 million dollar, ya’ni 2017 yilgi 37,2 millionga nisbatan 9 baravar ortgan. Respublika hududlaridan Buxoroga 3 million 489 ming nafar kishi ichki turizm sayohatiga keldi.
Buxoroda katta-kichik mehmonxonalar soni 541 taga, ya’ni yetti yilda qariyb 5 martaga, mehmon o‘rni 14 mingga yetdi va 4 baravarga ko‘paydi. Jami 116 ta restoran turistlarga xizmat ko‘rsatmoqda.Turistik avtobus va mikroavtobuslar 307 taga (22 baravar) ortdi. 142 ta turistik kompaniya va 305 nafar gid-ekskursovod ishlamoqda. Buxoro xalqaro aeroportiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri va charter aviaqatnovlar soni 7-8 baravarga oshirildi. Turkiya va Rossiya shaharlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaparvozlar yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birga, Fransiya, Angliya, Shveysariya, Vengriya, Yaponiya, Izrail, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Dubay, Qatar, Malta, Ozarbayjon, Belarus, Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston yo‘nalishlarida charter aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda. Afrosiyob tezyurar poyezdi qatnovi 2 martaga ko‘paytirildi.
Pirovard natijada turizm tarmog‘ida ish bilan band bo‘lganlar soni yetti yil avvalgi 3,5 ming nafarga nisbatan qariyb 15 baravarga oshib, 52 ming nafarga yetdi. Buxoroda ziyorat turizmi bo‘yicha juda katta salohiyatni e’tiborga olib, Prezidentimizning bevosita tashabbuslari bilan Yetti pir ziyoratgohlari to‘liq qayta rekonstruksiya bo‘ldi, ziyorat amallarini bajarish uchun barcha shart-sharoit yaratildi. Ularning hammasida zamonaviy mehmonxonalar ishga tushdi. Buning hisobiga ziyoratchilar oqimi 5-6 baravarga ko‘paydi.
Davlat rahbarining tashabbusi bilan Buxoro tarixiy markazidagi 40 dan ortiq va tumanlardagi o‘nlab madaniy meros ob’ektining restavratsiyasi, ta’mirlash-tiklash ishlari uchun birgina 2023 yilda 160 milliard so‘mdan ko‘proq mablag‘lar berilishi hisobiga yangi turizm ob’ektlari ishga tushdi va natijada turistlar oqimi sezilarli darajada ko‘payib, ularning Buxoroda qolish vaqti ortdi.
Turizm infratuzilmasi bo‘yicha yaratib berilgan imtiyoz va subsidiyalar sabab Buxoroga ham “Wyndham”, “Mercure”, Radisson, Sahid kabi xalqaro mehmonxona brendlari kirib keldi. Ayni paytda viloyatda xalqaro standartlariga javob beradigan 2 ta 4 yulduzli va 4 ta 3 yulduzli mehmonxona o‘z faoliyatini yuritmoqda.
[gallery-15724]
“Buxoroning ziyo maskanlari” bo‘ylab tashkil etilgan 6 kunlik “Oltin halqa” turizm marshruti klassik, ziyorat, eko, ekstremal, hunarmandchilik, shopping, gastro turizmni qamrab oladi. Bu halqa Yetti pir, Buxoro tumanidagi Varnet, Romitan cho‘lidagi “Oazis”, “Chor-Bakr” va Buxoro tarixiy markazini o‘z ichiga oladi. Bu ob’ektlar ayni damda minglab turistlarga xizmat qilmoqda.
Tahlillar bo‘yicha, Buxoroda bugungi kungacha shakllangan turizm infratuzilmasi ko‘pi bilan 1,5-2,0 million xorijiy turistni qabul qilish imkonini beradi. 2023 yilning o‘zida qariyb 1 million 400 ming turist qabul qilindi. Buxoroda turizm infratuzilmalarini jadal kengaytirib borishni davrning o‘zi talab etmoqda. O‘rganishlar shuni ko‘satmoqdaki, bugun Buxoroda yirik simpozium, forum va konferensiyalar o‘tkazish uchun imkoniyatlar cheklangan. Xalqaro aeroport parvozlarini kamida 10-12 baravarga ko‘paytirish (kuniga 70-80 ta reys) uchun aeroport modernizatsiya va rekonstruksiya qilinishi juda muhim. Jami 500 gektardan ko‘proq hududdagi Buxoro tarixiy markazining turistlarni ko‘proq qamrab olish imkoniyatini kengaytirish uchun unga uyg‘un infratuzilma shakllantirish shart. Cho‘l va qishloq joylarida yangi turizm xizmatlari, sahro turizmi, plyaj turizmi, etno turizm va eko turizm yo‘nalishlariga alohida rejalar tayyorlash zarur. Shunga ko‘ra, xalqimiz uchun turizm sohasi iqtisodiyot rivojining muhim tarmoqlaridan biri sifatida e’tirof etilayotganligi boisidan ham Buxoroda yuksak turizm salohiyatini e’tiborga olib, 2030 yilgacha turistlar sonini 10 milliondan oshirish va bunda xorijiy sayyohlar sonini 5,0 million yetkazish zarur. 2,5 milliard AQSH dollari qiymatida turizm xizmatlari ko‘rsatilishi zarur. Turizm tarmog‘ida 100 mingdan ko‘proq aholi band bo‘lishi kerak.
Shundan kelib chiqib, Buxoro shahrida aholini muqim ish bilan ta’minlash, daromadini yanada oshirish maqsadida tashabbuskor faollar, deputat va turizm sohasi vakillarining talab va istaklarini e’tiborga olib, “Boqiy Buxoro” tarixiy-etnografik parki” loyihasi ishlab chiqildi.
Loyiha uchun tanlangan hududda tarixiy markazning mantiqiy davomi sifatida yangi turizm parki shakllanadi. Turizm parki turistlarning aeroport va temir yo‘l vokzalidan tarixiy markazga qulay harakatlanishi imkonini yaratadi. Turizm parki uchun tanlangan hududda joylashgan ma’muriy binolarda faoliyat yurituvchi davlat tashkilotlari binolarining boshqa hududga ko‘chirilishi natijasida transport tirbandligi qisqaradi, turistlar va aholi uchun yangi saylgoh bunyod etilda. Turistlarning shaharda qolish vaqtini uzaytirish bo‘yicha madaniy tadbirlar, konsert, teatrlashgan tomoshalar, simpozium, forum, yarmarka va uchrashuvlar o‘tkazishga yangi maydon paydo bo‘ladi. Hunarmandchilik, savdo va xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari kengayadi, minglab yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Loyihaga ko‘ra, Buxoro shahrining jami 32,6 gektar maydonida “Boqiy Buxoro tarixiy-etnografik parki” barpo etiladi. Etnografik park hududida 23 gektar yashil zona (ayni paytdagiga nisbatan 3 marta ko‘p) tashkil bo‘ladi.
Buxoro tumani “Bog‘idasht” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida “Yangi O‘zbekiston bog‘i”ni barpo etish uchun tanlangan yer maydonining bir qismida zamonaviy yangi sport kompleksi (futbol stadioni) quriladi. Buxoro shahar 28-son Bolalar va o‘smirlar futbol maktabi negizida Buxoro futbol akademiyasi uchun 43 milliard so‘m hisobiga zamonaviy bino va inshootlarni qurish ishlari yakunlanadi.
Natijada Buxoro turizmida 2030 yilda ichki turistlar soni 8 million nafarga, tashqi turistlar soni 5 million nafarga, turizm xizmatlari eksporti 2,5 milliard dollarga yetkaziladi.
Bu Buxoroning yanada rivojlanishi va dunyoda kengroq tanilishida, eng asosiysi, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun (ming dollardan ko‘proq) mehnat haqi to‘lanadigan 10 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishiga imkon beradi.
Matbuot anjumanida keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga aniq javoblar oldi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari