Bo‘lg‘usi futbolchilar “Ayaks” murabbiylari nazarida
“Ayaks” klubi futbol akademiyasidan tashrif buyurgan mutaxassislar – Raymond Atteveld va Djoui Kraaybek Uchqo‘rg‘ondagi bolalar va o‘smirlarning futbolga bo‘lgan intilishi va iqtidorini yaqindan kuzatdilar.
Davlatimiz rahbarining 2025-yil sentabr oyida Namanganga tashrifi chog‘ida berilgan topshiriqqa ko‘ra, “Navbahor” professional klubiga qarashli futbol maktabini uch yil muddatga Niderlandiyaning dunyoga mashhur “Ayaks” klubi futbol akademiyasi boshqaruviga berish yuzasidan muhim kelishuvga erishilgandi.


Hamkorlik memorandumiga asosan, Yevropa futboli akademiyasining tajribali murabbiylari, skaut va metodistlaridan iborat 11 nafar mutaxassis Namanganda faoliyat yuritmoqda. Ushbu kadrlar viloyatdagi futbol infratuzilmasi va yosh sportchilarni tayyorlash tizimi bilan yaqindan tanishdi.
Ayni kunlarda bo‘lajak iqtidorli futbolchilarni saralash maqsadida viloyatning barcha hududlari, xususan, Uchqo‘rg‘on tumanida seleksiya ishlari olib borilmoqda. Yosh iste’dodlarni aniqlash va ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bu amaliy sa’y-harakatlar millionlar o‘yini rivoji, xususan bolalar futbolini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

“Ayaks” klubi futbol akademiyasidan tashrif buyurgan mutaxassislar Raymond Atteveld va Djoui Kraaybek ham Uchqo‘rg‘ondagi bolalar va o‘smirlarning futbolga bo‘lgan intilishi va iqtidorini yaqindan kuzatdilar. Yevropalik “skaut”lar yosh charm to‘p egalarining texnik tayyorgarligi, o‘yin tafakkuri, tezkor qaror qabul qilish qobiliyati hamda jismoniy imkoniyatlarini baholab, ular orasidan istiqboli borlarni saralash ishlarini olib bordilar.

Bunday seleksiya tadbirlari viloyatning eng chekka qishloq va mahallalaridagi iste’dodlarni kashf etish, ularga o‘z imkoniyatlarini namoyon etish uchun keng yo‘l ochib bermoqda. Uchqo‘rg‘on tumanida o‘tkazilgan kuzatuvlar davomida ham bir qator yosh, iqtidor sohiblari mutaxassislar e’tiborini tortdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri