Bolaning rizqiga xiyonat qilmang
Farg‘ona viloyatidagi ayrim maktabgacha ta’lim muassasalarida ichki ishlar organlari tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik holatlari aniqlandi.
Farg‘ona viloyatidagi ayrim maktabgacha ta’lim muassasalarida ichki ishlar organlari tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik holatlari aniqlandi.
Maktabgacha ta’lim inson kamolida alohida o‘rin tutadi. Farzandga dastlabki tarbiya oilada va bog‘chada berilishi hech kimga sir emas. So‘nggi yillarda bejizga maktabgacha ta’lim sohasi tubdan isloh qilinmayapti. Zero, jamiyatimiz vakillarining kelgusida yetuk shaxslar bo‘lib yetishishida maktabgacha ta’limning o‘rni beqiyos. Bunda maktabgacha ta’lim muassasalarida nafaqat ta’lim berilishi jarayoni, balki, bolalarni salomatligini alohida nazoratga olish lozim bo‘ladi. Bolalarning salomatligi deganda eng avvalo ularni o‘z vaqtida va tegishli me’yorlarda ovqatlanishini tashkil etish nazarda tutiladi. Biroq, jamiyatimizda shunday shaxslar borki, ular bolalarga ajratilgan oziq-ovqat mahsulotlarini talon-toroj qilishdan toymaydi.
Toshloq tumani ma’muriy sudiga Farg‘ona viloyati Qo‘riqlash boshqarmasi tomonidan O.Yuldasheva, D. Ahmadalieva va M.To‘raevaga O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik Kodeksining 61-moddasi 1-qismi bilan to‘plangan ma’muriy ish materiallari mazmunan ko‘rib chiqish uchun kelib tushdi.
Sud majlisida qanday huquqbuzarlik sodir etilgani aniqlandi?
O.Yuldasheva Marg‘ilon shahar maktabgacha ta’lim bo‘limi tasarrufidagi 10-maktabgacha ta’lim muassasasida oshpaz, D.Axmadalieva esa oshpaz yordamchisi vazifasida ishlashadi. Ular joriy yil 12 sentabr kuni tarbiyalanuvchi bolalar ovqatiga ishlatish uchun o‘zlariga ishonib topshirilgan 2 kilogramm xom go‘shtni muassasaga oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish bilan shug‘ullanib keluvchi A.Azizovga ushbu mahsulotni kelgusida sotib yuborish maqsadida berib yuborgan. Mazkur holat viloyat qo‘riqlash boshqarmasi 9-alohida otryadi xodimlari tomonidan aniqlangan.
Bundan tashqari, M.To‘raeva 14- maktabgacha ta’lim muassasasida omborchi vazifasida ishlab kelib, 12 sentabr kuni tarbiyalanuvchi bolalar ovqatiga ishlatish uchun o‘ziga ishonib topshirilib, omborda saqlanayotgan 2 kilogramm 310 gramm xom go‘shtni ham sotib yuborish maqsadida muassasaga oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish bilan shug‘ullanib keluvchi A.Azizovga bergan.
– Sudning qaroriga ko‘ra barcha huquqbuzarlarga nisbatan qonunda nazarda tutilgan miqdorda jarima jazolari tayinlanib, odil sudlov ta’minlandi, – deydi Toshloq tuman ma’muriy sudi raisi A. Akramov. –Masalaning o‘ziga xos tarafi shundaki, murg‘ak bolalar uchun davlat budjeti hisobidan ajratilgan pul mablag‘lari evaziga sotib olinib, bolalarni oziqlantirish uchun muassasaning mas’ul xodimlarga topshirilgan va ovqatlanish me’yorlarida eng muhim ozuqa hisoblangan go‘sht mahsulotlarini ana shu xodimlar tomonidan o‘zlashtirilishi achinarli holat. Balki, bu achinarli holat yillar davomida sodir etib kelingandir. Faqatgina endi aniqlangandir. “Ko‘za kunda emas kunida sinadi” deb bejizga aytilmagan.