Yurtimizda UNICEF, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va Maktabgacha ta’lim vazirligi bilan birgalikda ota-onalar oyligi davom etmoqda.
Mazkur tashkilotlar ijtimoiy tarmoqlaridagi rasmiy sahifalari orqali mutaxassislar va xorijlik ekspertlarning bolalarga to‘laqonli va har tomonlama rivojlanishi uchun qanday qilib eng yaxshi sharoitlarni yaratish haqidagi maslahatlari berib borilmoqda. Mutaxassislar so‘zlariga ko‘ra, bolaning aqliy va jismoniy rivojlanishida oziqlanish eng muhim omil bo‘lib, buni barcha ota-onalar, ayniqsa yosh ota-onalar anglab yetavermaydi.
UNICEFning salomatlik va oziqlanish masalalari bo‘yicha mutaxassisi Faxriddin Nizomov bu boradagi fikr-mulohazalarini aytib o‘tdi.
– Tabiiyki, ota-onalarning aksariyati farzandlari uchun imkon qadar eng yaxshi sharoitlarni yaratishga harakat qilishadi. Shunday bo‘lsada, zamonaviy tarbiyalash usullaridan foydalanishga imkon bermayotgan qator to‘siqlar mavjud. Do‘stlar va qarindoshlar yaxshi niyatda bolalarni oziqlantirishdan boshlab emlashgacha bo‘lgan masalalar bo‘yicha turli xil maslahatlarini berishadi. Biroq ijtimoiy tarmoqlarda berilayotgan noto‘g‘ri axborot bolaning salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yangi tug‘ilgan chaqaloqlar hayotining dastlabki ming kunida hamda bolaning olti yoshgacha bo‘lgan davrida parvarishlashning noto‘g‘ri usullarini qo‘llash ularning uzoq muddatli jismoniy va kognitiv rivojlanishini sezilarli darajada sekinlashtirishi mumkin. Bundan tashqari, global koronavirus pandemiyasi va u bilan bog‘liq karantin cheklovlari ham bolalar rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va buning oqibatlari balog‘at yoshida ham his etilishi mumkin.
Ana shularni inobatga olgan holda oylik doirasida tayyorlanayotgan kontentlarimizda bolalarning yoshiga muvofiq bo‘lgan to‘g‘ri oziqlanish, jumladan yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni faqat ko‘krak suti bilan boqish, bolaga mehr berib g‘amxo‘rlik qilish muhitini yaratish usullari, emlashni rejalashtirish, bolaning rivojlanish bosqichlari, bolalar kasalligidan darak beruvchi belgilar, mas’uliyatli tarbiya va o‘yinlarning bola uchun ahamiyati kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilyapti.
Oylik doirasida ommabop televizion kanallarda ota-onalar uchun mo‘ljallangan ko‘rsatuv namoyish etildi. Mazkur ko‘rsatuv doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligi ekspertlari bolalarning erta yoshdagi salomatligi va oziqlanishi bo‘yicha ota-onalar tomonidan berilgan savollarga javob berishdi. Maktabgacha ta’lim vazirligining mutaxassislari maktabgacha ta’limning muhim ahamiyatini va ota-onalar o‘z farzandlarining ilk yoshda ta’lim olishini faol qo‘llab-quvvatlashda qanchalik muhim rol o‘ynashlarini yana bir bor ta’kidladilar.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar va televideniye orqali keng targ‘ib qilish uchun o‘ndan ortiq video mahorat darslari yaratildi. Ushbu mahorat darslarining ahamiyati haqida UNICEFning erta rivojlanish va maktabgacha ta’lim masalalari bo‘yicha maslahatchisi Vazira Nazarova quyidagicha fikr bildirdi.
– Mazkur videoroliklar ota-onalarni maktabgacha ta’limning ahamiyatini yanada teran anglashga undaydi. Maktabgacha ta’lim tashkiloti kun davomida bolalar uchun faqatgina ko‘ngil ochish joyi emas. Bu hayot uchun muhim ijtimoiy va kognitiv rivojlanish, muloqot ko‘nikmalarini orttirish hamda bolaning ijodiy va jismoniy rivojlanishi makonidir. Ota-onalar o‘z farzandlarining jismoniy salomatligi bilan bir qatorda ular uzoq vaqt shaxs sifatida shakllanishini ham albatta kuzatib borishlari lozim.
O‘zA muxbiri
Mohigul Qosimova yozib oldi