Bolangizni telefondan uzoqlashtiring. Oʻzingizdan emas!
Hech kim farzandim yomon boʻlsin, demaydi.
Hech kim farzandim yomon boʻlsin, demaydi. Aksincha, bolasining hayotda qoqilmasligini istaydi! Kelajakda “katta odam” boʻlishini orzu qiladi. Ammo buning uchun yaxshi niyatning oʻzi kifoya emas-da...
Harqalay, xavotir qilishimizga sabablar koʻp: bugun yosh bolalarning qoʻlida ham telefon bor. Maktablarda-ku imkon qadar nazorat oʻrnatilyapti. Bolalarning darsga telefon olib kelishi taqiqlangan. Bunday holatlar yuz berganda, tegishli choralar ham koʻrilmoqda. Ammo maktabdan tashqarida-chi? Oʻquvchilar nima bilan mashgʻul?
Bu savol bir pedagog sifatida meni ham tashvishga soladi. Chunki muallim oʻquvchilar uchun ota-onaday gap. Hatto masʼuliyati ulardan oʻn chandon ortiq. Shu sababli shogirdlarim darsdan soʻng nimalarni gaplashishlari haqida qiziqaman.
Hozir zamon shiddati baland. Kechagi kunni bugun bilan taqqoslash notoʻgʻri. Lekin millat kelajagi haqida gap ketar ekan, qadriyatlarimiz, ezgu anʼanalarimizga putur yetishiga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi.
Nahotki dars tugagach, bir paytlardagidek bolajonlarning, dugonajonlarning olgan baholarini bir-biriga maqtanib, oʻqayotgan kitoblari haqida toʻlqinlanib gapirib berishlari endi kamyob hodisaga aylandi?!
“Jamshid, telefoningdagi oʻyinni oʻtkazib ber…” , “Dilshod, kecha telegram ochdim, zoʻr narsa ekan-a , nimaga oldinroq aytmaganding?” , “Zuhra, menga telegramdan bitta bola yozyapti, keyin bilsam, 5 sinfda oʻqir ekan, sevaman deydimi-yey…” , “Gruppada kechagi oʻyinni muhokama qildik, nega sen yozmading…”
Xullas, bular — mening uzoq kuzatuvlarimdan bir shingili.
Yuqori sinf oʻquvchilari balogʻat yoshiga yaqinlashgani sari ularning xulqida salbiy tomonga oʻzgarish kuzatilish ehtimoli bor. Bu tajribada kuzatilgan holat. Ammo boshlangʻich sinfni yaqindagina bitirgan maktab bolalarining bu tarzda suhbat qurishi, mobil telefonga mukkasidan ketishi, oqibatda darslarga qiziqishi pasayib ketishi har birimizni jiddiy mushohadaga, mulohazaga chorlashi kerak.
Chuqurroq oʻylab koʻrilsa, ayni shu matoh bolalikning shirin damlariga raxna solib qoʻyayotir. Oʻgʻil-qizlarimizni ancha barvaqt ulgʻaytirib qoʻymoqda. Ammo, ming afsuski, ular hali bunga mutlaqo tayyor emas! Oqibati esa oʻzingizga yaxshi maʼlum...
Farzandlar taʼlim-tarbiyasida bir zum boʻlsa-da befarqlikka yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Aks holda, yillar oʻtib bu kechirilmas xatoga aylanadi.
Shunday ekan, “Mening farzandim unchalikka bormas” yoki “Shogirdlarim bunday ish qilmaydi”, “Oʻgʻlimga ishonaman”, “Qizimdan koʻnglim toʻq” qabilida xotirjamlikka berilish yaramaydi. Aksincha, ana shu mulohazalarimizni oʻqib, bugunoq ularga yanayam koʻz-quloq boʻlsak, hali oqu qorani tanimaydigan jigarbandimizni oʻzimizdan, taʼlim-tarbiyadan emas, telefondan uzoqlashtirsak, ularning baxtu kamolini koʻrishdek orzuimizga, albatta, erishamiz.
Nigora Absalamova,
Samarqand shahridagi 24-umumtaʼlim
maktabining matematika fani oʻqituvchisi.