Istaymizmi-yo‘qmi, ijtimoiy tarmoqlar jamiyatga, kundalik hayotimizga oyna tutmoqda...
Sovuq havoda o‘quvchilarning qalin ustki kiyimlari yechilgan holda maktab hovlisiga qator tizib qo‘yilgani aks etgan fotosurat shu kunlarda muhokama markaziga chiqdi. Andijon viloyatida olingani aytilayotgan rasmda yon-atrofdagi katta yoshli kishilar qalin kiyimlarda, bolalar esa yupun kiyimda, sovuqda dildiragan holda qandaydir mehmonni qarshi olayotgani aks etgan.
Izohlardan ma’lum bo‘lishicha, shu kuni o‘sha maktabda davlat bayrog‘i kuniga bag‘ishlangan tadbir bo‘lgan. Darvoqe, 18 noyabr kuni O‘zbekiston bo‘ylab sovuq ob-havo kuzatilib, ko‘p joyda qor yoqqan edi...
Bu voqeaga Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili Aliya Yunusova munosabat bildirdi.
- Sovuq havoda bolalarning yengil kiyimda ko‘chada turishiga yo‘l qo‘ygan maktab direktorining xatti-harakatini umuman oqlab bo‘lmaydi, deydi - A.Yunusova. - Kim kelishidan qat’iy nazar, bolalar mehmonni kutishga bu yo‘sinda majburlanmasligi kerak. Kim buning tashabbuskori bo‘lsa, javobgarlikka tortilishi shart. Ushbu voqea tegishli davlat idoralarida muhokama qilinmoqda, deb umid qilaman. Tez orada biz Xalq ta’limi vazirligining izohini eshitamiz. Bola huquqlari bo‘yicha vakil sifatida men Xalq ta’limi vaziri Sh.Shermatovning e’tiborini bolalarni jalb qilgan holda tadbirlarni o‘tkazishda bunday holatlarning takrorlanishiga yo‘l qo‘yilmasligiga qarataman.
Ijtimoiy tarmoqlarda Vakilning fikrlari qo‘llab-quvvatlandi.
Raimbergan Saburov “O‘zi bunday dabdababozlik kimga kerak?”, deb yozgan bo‘lsa, Husniddin Turg‘unbayev “Ayrimlar faqat “piar” uchun ishlaydi. Qilayotgan ishining oqibatini o‘ylab ko‘rish nahotki qiyin bo‘lsa?”, deb fikr bildirgan.
Jurnalist Sharofiddin To‘laganov: “Atrof qor.... Kattalar issiq kiyimda, bolalar yengil kiyimda. Shu tariqa bolalarga bayroqqa hurmat g‘oyasini singdiramizmi? Aks natija bermasmikan? Mutasaddilar qanday uxladi ekan? Yo tadbir o‘tkazilgani borasida yuqoriga hisobot berib yelkasidagi tog‘ ag‘darilgandek bo‘ldimikin? Javobgarlikka tortish kerak”.
Jurnalistlar, faol blogerlar tomonidan bolalarning sovuqda azoblangani holati shu tariqa qoralanmoqda va bunda aybdor shaxslar javobgarlarlikka tortilishi kerakligi haqida fikrlar bildirilmoqda. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari esa bu kabi fikrlarni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Darhaqiqat, bolalarni har qanday ko‘rinishda yoki usulda bo‘lsin azoblashga, ularni tahqirlashga hech kimning haqqi yo‘q. Andijonda ro‘y bergan holat bo‘yicha rasmiy munosabat va amaliy natijani biz ham kutamiz. Demak, mavzuga yana qaytamiz.
Norgul Abduraimova, O‘zA