Yoz fasli bolalar uchun nafaqat ta’til, balki sog‘lom hayot va rivojlanishning eng yaxshi imkoniyatidir.
Yoz oylarida bolalar ko‘proq ochiq havoda bo‘lishadi, o‘yinlar o‘ynashadi, sport bilan shug‘ullanishadi. Bu esa immunitetni mustahkamlaydi, tanani chiniqtiradi. Shuningdek, yoz fasli – bolalar uchun yangi narsalarni o‘rganish, sayohat qilish, do‘stlar bilan muloqot qilish uchun yaxshi imkoniyat.
Bolalarning yozgi dam olish kunlarini maroqli, sermazmun o‘tkazish maqsadida oromgohlarda turli tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Toshkent shahridagi 30-sonli "Mehribonlik uyi" tarbiyalanuvchilari dam olayotgan “Nur” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida yozgi mavsumning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Bu yil “Nur” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi bolalar uchun yangi qiyofa kasb etdi. Ochilish marosimi esa haqiqiy bayram bo‘ldi.
Marosimda Milliy gvardiya qo‘mondonligi, Milliy gvardiya qoshidagi Bolalar psixologiyasi markazi mutaxassislari shuningdek, Ijtimoiy himoya milliy agentligi vakillari ishtirok etdi.
Oromgohda “Dolzarb 90 kun” dasturi doirasida futbol maydoni barpo etilib, ko‘plab sport jihozlari o‘rnatildi. Xiyobonning zarur joylari ham yangilandi. An’anaga ko‘ra, mavsumning ochilishi oromgoh gulxani bilan nishonlandi.
— "Nur" oromgohi ochilgani bolalar uchun xursandchilik bo‘ldi. Bu yerda bolalar dam olishadi, sog‘lom ovqatlanishadi, yangi do‘stlar orttiradi. Biz uchun eng muhimi — bolalar yuzida tabassum ko‘rish. Davlatimiz tomonidan shunday sharoitlar yaratilayotgani uchun minnatdormiz. Bolalar yozni mazmunli va foydali o‘tkazayotgani biz uchun katta baxt, — deydi 30-sonli "Mehribonlik uyi" direktor o‘rinbosari Samandar Norbo‘tayev.
Shu tarzda “Nur” oromgohidagi 2025 yilning yozgi mavsumi yorqin his-tuyg‘ular, kutilmagan sovg‘alar, sport o‘yinlari va kattalarning g‘amxo‘rligi bilan boshlandi.
Oldinda esa bolalarni kashfiyotlar, do‘stlik va xursandchilikka to‘la butun bir fasl - butun mavsum kutmoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/AdL6dd5twhY?si=2oAuFTygpP8ozES5" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova, U.To‘xtayev, O‘zA