Bolalarga quvonch ulashgan tantana
Mamlakatimizda “Prezident archasi” tantanalari bolalarning o‘zlaridek sho‘x-shodon, quvnoq va zavqli tarzda boshlanib ketdi.
Bolalik yodi, uning beg‘ubor taassurotlari inson uchun eng qadrli xotiralardir. “Prezident archasi” bayram tantanalari esa mamlakatimiz o‘g‘il-qizlari uchun eng unutilmas va yorqin, bir umrga yodda muhrlanib qoluvchi voqelik ekani aniq.
“Tomosha” bolalar studiyasida bo‘lib o‘tgan ana shunday tantanaga Mehribonlik uylarining tarbiyalanuvchilari, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari, Vatan sarhadlarini himoyalashda jonini fido etgan hamyurtlarimizning o‘g‘il-qizlari taklif etildi.
Erta tongdanoq, kichkintoylar uchun mo‘ljallangan ushbu san’at maskaniga o‘g‘il-qizlar saf-saf bo‘lib, kela boshladilar. Kim go‘zal qorparcha libosida, birov quyoncha, boshqasi ayiqcha niqobida bo‘lgan bolalarni Qorbobo xushkayfiyat bilan kutib oldi.
Darhaqiqat, “Prezident archasi” tantanalarini yuksak saviyada tashkil etishda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan zarur barcha choralar ko‘rildi. Bu kabi quvnoq bayram tantanalari mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lib o‘tmoqda.
...Archa atrofidagi quvnoq tomoshalardan bolalar yayraydi. Ular Qorboboyu Qorqiz, ertak qahramonlariga qo‘shilib, raqsga tushadilar. Zavqli qo‘shiqlarga jo‘r bo‘ladilar.
2021 yil — Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yilida mamlakatimizda navqiron avlod manfaatlarini himoyalashga oid amaliy ishlar hajmi tobora kengaydi. Katta hajmdagi ijtimoiy loyihalar – “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “Temir daftar”lar minglab oilalar, ehtiyojmand xonadonlar, demakki, ularning farzandlari uchun ham turli muammolarning ijobiy yechimiga yo‘l topdi. Bolalar salomatligini asrash, maxsus ta’lim-tarbiya maskanlarida voyaga yetayotgan o‘g‘il-qizlarni amaliy qo‘llab-quvvatlash, ularga har jihatdan va keng qamrovli ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha ko‘plab ibratli tashabbuslar hayotga joriy etilmoqda.
[gallery-5282]
“Prezident archasi” tantanalarida san’atga oshno bolalarning mehribon ustozi, mohir rejissyor Nodira Qurbonova tayyorlangan ssenariy asosidagi “Yo‘lbars afsonasi” nomli musiqiy spektakl bugunning dolzarb masalalarini aks ettirgani bilan ahamiyatlidir. Unda tabiatni asrab-avaylash, inson uning ajralmas bo‘lagi ekani, borliqqa, atrof-olamga, jonzotlaru o‘simliklar dunyosiga hurmat bilan munosabatda bo‘lish Turon yo‘lbarsi, Qor dada, Qarg‘a momo, Buxoro bug‘usi - Xongul, shoxdor echki va boshqa ko‘plab ertak personajlari vositasida g‘oyat ta’sirchan tarzda ifoda etilgan. Ha, “Tomosha” bolalar teatri jamoasi, bir guruh san’atkorlar, estrada va sirk yulduzlari har galgidek bu safar ham bolalarga unutilmas taassurot ulashdilar.
Musiqiy spektakl ham yakunlanib, butun zal jo‘rovozlikda “Prezident archasi” qo‘shig‘ini kuylaydilar.
Barcha bolalarga bayramning eng zo‘r tuhfasi – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovg‘alari topshirildi. Bu kabi tantanalar mamlakatimiz bo‘ylab davom etmoqda.
Nazokat Usmonova, A’lo Abdullayev (surat), O‘zA