O‘zbekiston Respublikasining 2024 yil 14 noyabrdagi “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra bolaning hayotiga, sog‘lig‘iga, jinsiy daxlsizligiga, sha’niga, qadr-qimmatiga hamda qonun bilan himoya qilinadigan boshqa huquqlari va erkinliklariga tajovuz qiladigan, jismoniy yoki ruhiy azob yetkazayotgan yoki yetkazishi mumkin bo‘lgan hamda asosiy ehtiyojlariga zid bo‘lgan, shu jumladan telekommunikatsiya tarmoqlaridan va Internet butunjahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda amalga oshiriladigan, qasddan sodir etiladigan harakat (harakatsizlik) bolalarga nisbatan zo‘ravonlik deb e’tirof etiladi.
Jismoniy zo‘ravonlik, jinsiy zo‘ravonlik, ruhiy zo‘ravonlik, g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, ekspluatatsiya qilish va ta’qib etish (bulling) bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning shakllaridir.
Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning har qanday turi taqiqlanadi.
Zo‘ravonlikning har qanday turidan jabrlangan bola zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi deb e’tirof etiladi.
Qonunga asosan zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi quyidagi huquqlarga ega bo‘ladi:
zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilinish;
o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilganligi yoki sodir etilishi tahdidi to‘g‘risidagi ariza bilan bevosita yoki o‘zining qonuniy vakili orqali tegishli davlat organlariga va tashkilotlarga yoxud qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sudga murojaat etish;
tekin huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam, shu jumladan bepul telefon liniyasi tarmog‘i (ishonch telefoni) orqali taqdim etiladigan yordam olish;
himoya orderi berish to‘g‘risidagi talab bilan bevosita yoki o‘zining qonuniy vakili orqali tegishli davlat organlariga murojaat etish, himoya orderi shartlari buzilgan taqdirda esa bu haqda xabardor qilish;
o‘ziga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik natijasida yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplanishi va ma’naviy ziyonning kompensatsiya qilinishi.
Zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uning ota-onasi, ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa vasiylik va homiylik organi, prokuror, sud tomonidan amalga oshiriladi.
Zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi va uning qonuniy vakili moddiy zararning o‘rni qoplanishi hamda ma’naviy ziyon kompensatsiya qilinishi to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat etganda davlat boji to‘lashdan ozod qilinadi.
X.Bibayev,
“Madad” huquqiy maslahat byurosi bosh mutaxassisi