Bolalarda kardioxirurgik operatsiyalar amalga oshirilmoqda
Tug‘ma yurak nuqsoni bilan dunyoga kelgan buxorolik bolalar va ularning ota-onalari orzulari ro‘yobga chiqmoqda.
Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida ilk bor murakkab tug‘ma yurak nuqsoni bilan tug‘ilgan bolada kardioxirurgik operatsiya amalga oshirildi. Mazkur murakkab jarrohlik amaliyoti markazning jarroh va reanimatologlari bilan birga, professor Hakimjon Abralov boshchiligidagi mutaxassis vrachlar guruhi tomonidan bajarildi.
Aytish joizki, yaqin-yaqingacha yurak tug‘ma nuqsoni bilan og‘rigan bemorlarning aksariyati boshqa shaharlarga, jumladan, Toshkent shahriga, chet davlatlardagi tibbiyot muassasalarida davolanishga majbur edi.
[gallery-14766]
Ammo endilikda davlat rahbarining tashabbusi bilan bu boradagi islohot va yangilanishlar tufayli hammasi o‘zgardi.
Tizimda ro‘y berayotgan tub o‘zgarishlar natijasida markazga bir guruh kardiojarrohlar, kardioanesteziolog va perfuziolog mutaxassislar jalb qilindi. Bo‘limda tug‘ma yurak nuqsoni bo‘lgan bolalarda yuqori texnologik kardiojarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish boshlandi. Bu bilan tabiiyki, davolanishga muhtoj aholining ortiqcha ovoragarchiligiga barham berildi.
Tibbiyot markazi aholiga yuqori malakali ixtisoslashtirilgan statsionar, ambulatoriya konsultativ-diagnostika tibbiyot xizmati ko‘rsatuvchi davolash-profilaktika muassasasi sifatida sun’iy qon haydovchi – AIK tibbiy uskunasiga ega bo‘ldi. Yuqori aniqlikda ishlovchi bu uskunadan samarali foydalanuvchi tajribali vrach mutaxassislar faoliyat ko‘rsatmoqda.
Ayni paytda viloyatda tug‘ma yurak nuqsonlari bilan tibbiy nazoratga olingan bolalardan 730 nafari yuqori texnologik jarrohlik amaliyotiga muhtoj. Bu borada so‘nggi ikki yilda 300 nafarga yaqin bemor bola Toshkent tibbiyot klinikalarida muvaffaqiyatli operatsiya qilingan.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari