UNICEF va Statistika agentligi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, oxirgi ikki yilda 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 69 foizi tarbiyaviy jarayonda zo‘ravonlikka duch kelgan, ulardan 29 foizi jismoniy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan. Global miqyosda 1 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan har uch boladan ikkitasi shafqatsiz tarbiya usullaridan aziyat chekadi, har to‘rtinchi bola esa maktabda bulling (kamsitish va zulm o‘tkazish) qurboniga aylanadi.
JSST tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarda har yili dunyo bolalarining yarmidan ko‘pi zo‘ravonlikka uchrashi, 25 foizdan 50 foizgacha bolalar tahqirlash qurboniga aylanishi, o‘g‘il bolalar o‘rtasida zo‘ravonlik ko‘pincha o‘qotar yoki boshqa qurol ishlatilgan holda sodir bo‘lishi va bu o‘limning asosiy sababi hisoblanishi qayd etilgan.
Xo‘sh, O‘zbekistonda bolalarni zo‘ravonlik va tazyiqdan asrash borasida qanday chora-tadbirlar ko‘rilmoqda?
Mamlakatimizda bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, hayoti va sog‘lig‘ini, qadr-qimmatini muhofaza qilish, uning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik, yosh avlodning jismoniy, intellektual, ma’naviy va axloqiy kamol topishiga ko‘maklashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida qaralmoqda. Bolalar majburiy mehnatiga butunlay chek qo‘yildi, mehnatga ma’muriy tarzda majburlash uchun javobgarlik kuchaytirildi. Yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimi takomillashtirildi.
O‘zbekiston Respublikasining 2024 yil 14 noyabrdagi “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra, bolaning hayotiga, sog‘lig‘iga, jinsiy daxlsizligiga, sha’niga, qadr-qimmatiga hamda qonun bilan himoya qilinadigan boshqa huquqlari va erkinliklariga tajovuz qiladigan, jismoniy yoki ruhiy azob yetkazayotgan yoki yetkazishi mumkin bo‘lgan hamda asosiy ehtiyojlariga zid bo‘lgan, shu jumladan telekommunikatsiya tarmoqlaridan va Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda amalga oshiriladigan, qasddan sodir etiladigan harakat (harakatsizlik) bolalarga nisbatan zo‘ravonlik deb e’tirof etiladi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Respublikasining “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning quyidagi 6 ta shaklini belgilaydi hamda ularni sodir etishni taqiqlaydi. Xususan, jismoniy zo‘ravonlik – urish, tan jarohati yetkazish, bolani jismoniy azobga duchor qilish, ruhiy zo‘ravonlik – haqoratlash, tahqirlash, tahdid qilish, bolani kamsitish, jinsiy zo‘ravonlik – bolalarning jinsiy daxlsizligiga tajovuz qilish, barcha shahvoniy xatti-harakatlar kiradi. Ekspluatatsiya – bolalarni majburan ishlatish, odam savdosi, mehnatga yoki nikohga majburlash, g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik – bolani e’tiborsiz qoldirish, uning asosiy ehtiyojlarini qondirmaslik, bulling (ta’qib etish) – bolalarni maktab yoki jamiyatda kamsitish, ruhiy bosim o‘tkazish, ijtimoiy tarmoqlarda tahqirlash ham shular jumlasidandir.
Endilikda bolalarga ham himoya orderi berish taklif qilinmoqda. Order vakolatli organ tomonidan zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining qonuniy vakiliga yoki bolani o‘z qaramog‘iga olgan boshqa shaxsga hamda zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining o‘ziga beriladi. Ijtimoiy himoya milliy agentlik holat yuzasidan ma’lumotlar kelib tushgan paytdan boshlab 24 soat ichida vaziyatni baholab, natijasiga ko‘ra himoya orderini beradi yoki rad etadi. Shu bilan birga, zo‘ravonlik sodir etgan oilalar bilan ishlash instituti ham joriy etilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA