Bolalar xavfsizligi — ustuvor vazifa
Ijtimoiy himoya milliy agentligida bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashishda ilg‘or xalqaro tajriba modellarini (shu jumladan, “Barnaxus” modeli) joriy qilishga bag‘ishlangan idoralararo uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sud tizimi hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etib, bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish borasida hamkorlikni takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, “Barnaxus”— bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini tergov qilish va jabrlangan bolalarga yordam ko‘rsatishning integratsiyalashgan modeli bo‘lib, u bola manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yadi.

Ushbu yondashuv doirasida barcha zarur xizmatlar — psixologik yordam, tibbiy ko‘rik, huquqiy himoya va tergov jarayonlari bir joyda, bolaga mos muhitda tashkil etiladi.
Mazkur model ilk bor Islandiyada joriy etilgan bo‘lib, bugungi kunda Yevropa va boshqa ko‘plab davlatlarda samarali qo‘llanilmoqda.

Uchrashuv davomida bolalar huquqlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirishga oid dolzarb masalalar ko‘rib chiqilib, amaliy tajribalar almashildi hamda kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA