«Bolalar va yoshlar uchun eng yaxshi kitob» tanlovi g‘oliblari taqdirlandi
«Yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni, mutolaa madaniyatini rivojlantirish doimiy e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Farzandlarimizga mo‘ljallangan badiiy adabiyotlarni ko‘paytirish va ularning mualliflarini rag‘batlantirish maqsadida «Bolalar va yoshlar uchun eng yaxshi kitob» tanlovini o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda mualliflar uchun birinchi o‘ringa – 100 million so‘m, ikkinchi o‘ringa – 75 million so‘m, uchinchi o‘ringa – 50 million so‘m mukofot beriladi...» – Mamlakat rahbarining mazkur so‘zlari bilan boshlangan katta loyiha – «Bolalar va yoshlar uchun eng yaxshi kitob» tanlovi yakunlanib, g‘oliblar aniqlandi.
O‘zbek adabiyotining jonkuyar ijodkorlari hamda O‘zbekistonning kelajagi bo‘lgan yosh yozuvchilarga mukofotlar topshirildi.

Mazkur tanlovning taqdirlash marosimi Yoshlar ishlari agentligi rahbarlari Alisher Sa’dullayev, Dilnoza Kattaxonova va agentlikning ko‘p sonli ahil jamoasi sa’y-harakati bilan fayzli o‘tdi.
O‘zbek bolalar adiblari uchun qizil gilam to‘shalgan yo‘lak, go‘zal sahna bezaklari, bo‘ri, tulki, yalmog‘iz kampir, Zumrad va Qimmat kabi o‘zbek ertaklarining qahramonlari qurshovida sahnaga ko‘tarilayotgan tanlov g‘oliblari o‘zini ertaklar shahriga tushib qolgandek his etishdi.
Tanlovning oliy o‘rinlari marhum ustoz adiblar O‘zbekiston Xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyevning «Sariq devni minib» va O‘zbekiston Xalq shoiri Anvar Obidjonning «Meshpolvonning sarguzashtlari» asarlari uchun berildi.
Bolalar yozuvchisi Gulnoz Tojiboyevaning «Jayxun va Alanga» kitobi va yozuvchisi Sa’dulla Quronovning «Galaktikada bir kun» kitobiga berildi.
Yosh ijodkor Charos Rahimqulovaning «Men ikkiga to‘lguncha» ertak kitobi va Qobiljon Shermatovning «Buvamning oshqozonidagi mamlakat» ertak kitobiga berildi.
Tanlovning turli nominatsiyalari bo‘yicha sevimli bolalar adiblaridan Zulfiya Mo‘minova, Kavsar Turdiyeva, Dilshod Rajab, To‘lqin Nurmuhammad, Bahodir Karim, Ma’mura Qutliyeva, Lyudmila Polonskaya va boshqalar g‘olib bo‘lishdi.
Taqdirlash marosimi turli sahna chiqishlari, «Shum bola» spektaklidan parcha, kuy-qo‘shiqlar, bolajonlarning she’riy chiqishlari bilan ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi.
D.Mamatova, O‘zA