Bolalar uchun asar yaratish osonmi?
Bolalar va o‘smirlarni ulug‘ ajdodlarimiz ma’naviy merosi, umuminsoniy qadriyatlar asosida ma’naviy kamol toptirish, ijodiy - intellektual salohiyatlarini ro‘yobga chiqarish bolalar ijodkorlari zimmasidagi mas’uliyatli vazifadir.
Bolalar uchun yaratilgan asarlar ularning dunyoqarashini kengaytirishga, ularni ertangi kunning chinakam qahramonlari sifatida tarbiyalashga xizmat qilishi zarur.
Ayniqsa, bolalarni zararli nashrlar, sayoz kitoblardan asrashimiz, ular uchun yangi avlod kitoblarini yaratishni yo‘lga qo‘yish muhim vazifalardan sanaladi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 4 maydagi “Bolalar va o‘smirlar adabiyotini nashr etish tizimini yanada takomillashtirish va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida mamlakatimizda kitobxonlik va mutolaa madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan siyosatni izchil davom ettirish, bolalar va o‘smirlar adabiyotini nashr etish tizimini takomillashtirish bo‘yicha bir qator vazifalar belgilangan.
Xo‘sh, bugun bu borada qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Bolalarga yo‘naltirilgan adabiyotlar va boshqa noshirlik mahsulotlarini nashr etish ishlari qanday bormoqda? Bolalar ijodkorlari o‘rtasida ustoz-shogirdlik an’analari qay darajada? Yozilayotgan va chop etilayotgan adabiyotlar bolalar psixologiyasiga qay darajada mos keladi? Bolalar nashrlari bo‘lmish “G‘uncha”, “Gulxan”, “Tong yulduzi”, “Klass” kabi gazeta va jurnallarning bolalarga yetib borishi va obunasi qay ahvolda?
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Bolalar va o‘smirlar adabiyoti kengashining navbatdagi yig‘ilishida shu kabi dolzarb savollarga javob izlandi. Unda mazkur kengash a’zolari hamda bolalar adabiyotining taniqli vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Nodir Jonuzoq, uyushmaning Bolalar va o‘smirlar adabiyoti kengashining raisi Orif To‘xtash bolalar adabiyotini davr ruhiga mos tarzda takomillashtirish bugunning dolzarb masalasi ekanini ta’kidladi.
– Garchi bolalar adabiyoti sohasi vakillari samarali ijod qilayotgan bo‘lsa-da, tashqaridan ularning ijodi umuman sezilmayapti, – dedi bolalar adibasi Kavsar Turdiyeva. – Hozir nashriyot bilan yozuvchining aloqasi yo‘qoldi. Bolalar adabiyoti e’tibor qaratadigan sohadir. Uning foydasi hozir emas, yillar davomida yoshlarning ma’naviy kamoloti bilan belgilanadi. To‘g‘ri gap shuki, bolalar yozuvchi va shoirlariga munosib qalam haqi to‘lanishi kerak, deb o‘ylayman. Kitobning ichida muallifning umr bo‘yi qilgan mehnati yotadi. Mehnatimiz bebaho, lekin u bugungi kunda qadrsiz bo‘lib qolayapti. Biz hamma yaxshi narsa bolalar uchun, deymiz. Lekin yurtimizda bolalar uchun bitta ham nashriyot bo‘lmasligini nima bilan izohlash mumkin? Sohaga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, ijodkorlar uchun zamonaviy ishlash formatiga o‘tish g‘oyat muhimdir.
– Yozuvchilar uyushmasi Xalq ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda bolalar nashrlarini chop etish bo‘yicha muayyan nashriyot tashkil etish kerak, deb o‘ylayman, – dedi bolalar shoiri Dilshod Rajab. – Tegishli vazirliklar bilan hamkorlikda ishlash nashrlarining joy-joyiga yetib borishini ta’minlashda juda muhim.
– Bolalar adabiyoti bo‘yicha o‘quvchilar faqatgina Xudoyberdi To‘xtaboyev, Anvar Obidjonnigina bilishi juda taassufli holat, – dedi bolalar adibasi Muhabbat Hamidova. – Hakim Nazir, Latif Mahmudov, Farhod Musajonov va boshqa adiblarimiz ijodi juda mukammal darajada ekanini targ‘ib etish, bolalarga ko‘rsatish asosiy vazifalardan.
Kengashda ijodkorlarga bugungi kun bolalarning talablariga mos zamonaviy mavzular bo‘yicha aniq ijtimoiy buyurtma berishni yo‘lga qo‘yish zarurligi alohida ta’kidlandi. Ayniqsa, atoqli o‘zbek bolalar adiblari nomidagi mukofotlarni joriy qilish, uyushma tomonidan “Bolalar kutubxonasi” ruknida muntazam kitoblar chop etish, shuningdek, taniqli bolalar ijodkorlariga bolalar adabiyoti yo‘nalishida mashq qilayotgan yosh qalamkashlarni biriktirib, “ustoz-shogird” an’anasini kuchaytirish muhim ekani qayd etildi.
Muhokama etilgan masalalar bo‘yicha Yozuvchilar uyushmasiga taklif va tavsiyalar kiritildi.
Nazokat Usmonova, O‘zA