Bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari bo‘yicha O‘zbekiston va AQSH tajriba almashdi
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan Federatsiya qoshidagi Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish Departamenti tomonidan Amerikaning Camp Education International (CEI) global tashkiloti hamkorligida ikki kunlik xalqaro o‘quv seminari o‘tkazildi.
Bolalarni yozgi sog‘lomlashtirish mavsumiga oid ushbu seminarning ahamiyati nimada?
Bu haqda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi matbuot xizmati rahbari Muhabbat O‘rmonbekova O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi:
– Mamlakatimizda bolalarni yozgi mavsumda sog‘lomlashtirish masalalariga katta e’tibor qaratib kelinadi. Ushbu mavsumga yoz fasli boshlanishidan ancha avval tayyorgarlik ko‘rilishi bu e’tiborning yana bir yorqin namunasidir.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan Federatsiya qoshidagi Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish Departamenti tomonidan o‘tkazilgan o‘quv seminarida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi 85 ta bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari rahbarlari, Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish Departamenti mutasaddilari, Kasaba uyushmalari mas’ul xodimlari va Camp Education International (CEI) global tashkiloti rahbarlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi qoshidagi Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish Departamenti va Amerika bolalar oromgohlari Assotsiatsiyasi o‘rtasida imzolangan memorandum ijrosi doirasida tashkil etilgan Xalqaro o‘quv-seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad o‘zaro tajriba almashishdan iborat.
Camp Education International (CEI) global tashkiloti – bolalarni rivojlantirishning zamonaviy yondashuvlarini ilgari suruvchi xalqaro ijtimoiy tashkilot bo‘lib, “oromgoh ta’limi” tizimini rivojlantirishga ixtisoslashgan. “Camp education” oromgoh ta’limi – bu an’anaviy sinf muhitidan tashqarida amalga oshiriladigan, ilmiy asoslangan va bolani har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan tizimli ta’lim modeli hisoblanadi. Camp Education International (CEI) davlat organlari, ta’lim muassasalari va yoshlar tashkilotlari bilan hamkorlikda bolalar oromgohlari tizimini rivojlantirish, xodimlarni o‘qitish, dasturlar ishlab chiqish hamda xalqaro tajriba almashishga ko‘maklashadi.
Seminar-treninglar davomidagi fikr almashuvlar jarayonida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakat o‘g‘il-qizlarini bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida dam oldirish va sog‘lomlashtirish uchun yaratib berilayotgan qator imtiyoz va kafolatlar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi va yuksak baholandi.
Xususan, davlatimiz rahbari tomonidan bolalarni sog‘lomlashtirish uchun ota-onalar harid qilayotgan oromgoh yo‘llanmalarining 50 foiz miqdori kompensatsiya tarzida davlat tomonidan to‘lab berilishi yo‘lga qo‘yilgani, ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalardagi a’lo baholarga o‘qiyotgan maktab o‘quvchilariga bepul yo‘llanmalar ajratilayotgani noyob tajriba sifatida mehmonlar tomonidan alohida e’tirof etildi.
O‘quv mashg‘ulotlari davomida bolalarda chidamlilik, yetakchilik, o‘zaro muloqot, kreativlik va jamoada ishlash kabi muhim hayotiy ko‘nikmalarni shakllantirish bo‘yicha O‘zbekiston va AQSH oromgohlari o‘rtasida tajribalar almashildi.
Seminarning birinchi kuni ishtirokchilar oromgoh pedagogik jamoasini samarali boshqarish, oromgoh direktorining dasturlarni amalga oshirishdagi roli, 12 kunlik oromgoh dasturi doirasida madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlarini tashkil etish masalalarini muhokama qildi.

Shuningdek, hamkor tashkilotlar bilan o‘zaro aloqalar va bolalar uchun to‘garak hamda klublarni rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, bolalar xavfsizligi va salomatligini ta’minlash, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etish hamda oromgohlardagi yashash sharoitlarini tizimli monitoring qilish masalalari ko‘rib chiqildi.
Seminarning ikkinchi kunida ishtirokchilar bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash, yil davomida daromad manbalarini kengaytirish mexanizmlarini o‘rgandi. Alohida sessiya Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish Departamenti tizimidagi “oromgohlar.uz” raqamli platformasiga bag‘ishlanib, uning ahamiyati hamda oromgohlarni boshqarish samaradorligini oshirishdagi o‘rni xususida so‘z yuritildi.
Yakuniy mavzu sifatida bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritish masalalari ko‘rib chiqildi. Bu esa ularning jozibadorligini oshirish va aholini xabardor qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur o‘quv seminari xalqaro tajriba almashish va O‘zbekistonda bolalarni dam oldirish hamda sog‘lomlashtirish tizimiga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish uchun muhim maydonga aylandi. Camp Education International (CEI) bilan hamkorlik bolalar oromgohlarini barkamol avlodni shakllantirish va ularni kelajak hayotga tayyorlashda samarali muhit sifatida rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
Xalqaro o‘quv seminari doirasida Camp Education International global tashkiloti mutasaddilari Buxoro viloyatidagi bir qator statsionar bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mazkur oromgohlarda bolalarni jismoniy chiniqtirish bilan birga ma’naviyatini yuksaltirish borasidagi hamda tarbiyaviy yo‘nalishlardagi ishlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Anjuman yakunida amerikalik mutaxassislar O‘zbekistonda ham AQSHda ham bolalar oromgohlari bo‘yicha o‘ziga xos tajriba mavjudligi, xususan, O‘zbekistonda bolalarni oromgohlarda sog‘lomlashtirish borasida katta tajriba to‘plangani, ushbu tajribalar o‘rganishga va boshqa mamlakatlardagi oromgohlarda tatbiq etishga loyiq ekanini alohida e’tirof etdi.
O‘zA muxbiri N.Usmonova yozib oldi.