Qarshi shahridagi Jurnalistlar uyida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi boshlig‘i To‘xtamurod Pakirov ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi va unda ayni paytda viloyatda asosan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida uchrayotgan gripp va o‘tkir respirativ virusli infeksiya bilan kasallanish holatlari yuzasidan ma’lumot berildi.
Ta’kidlanishicha, 2023 yilning 10 oyida o‘tkir respirativ virusli infeksiya bilan kasallanish holatlari 11 ming 452 tadir. Jami O‘RVI bilan kasallanishning 44,4 foizi (5088 nafar) 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida qayd etilgan.
Grippga o‘xshash kasalliklar 2023 yilning o‘tgan 10 oyi davomida 2022 yilning shu davriga nisbatan 79 foizga, ya’ni 49 taga ko‘paygan.
Kasallik 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida 9 foiz (10 nafar) qayd etildi.

2023 yilning sentyabr-noyabr oylarida gripp va o‘tkir respirator kasalliklari bo‘yicha ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash muassasalarida jami 178 ta tekshiruv o‘tkazildi.
Sanitariya - epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining 2023 yil 11 sentyabrdagi tegishli buyrug‘i hamda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2023 yil 15 sentyabrdagi tasdiqlangan taqsimotlariga asosan gripp kasalligiga qarshi emlash uchun Qashqadaryo viloyatiga davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilari, umumiy ta’lim maktablari o‘qituvchilari, sog‘liqni saqlash muassasalarining tibbiyot xodimlari uchun 161 ming 815 doza, “Mehribonlik” uyi, “Saxovat” uyi, “Murruvat” internat uyi va boshqa tibbiy ijtimoiy soha uylarida yashovchilar va ishchi- xodimlar uchun 3245 doza, ya’ni jami 165 060 doza ‘Grippol Plyus” vaksinasi ajratilgan.

Viloyatda tibbiyot, maktabgacha ta’lim tashkilotlari xodimlarini,tarbiyalanuvchilarini, umumta’lim maktablari o‘qituvchi va xodimlarini mavsumiy grippga qarshi emlash maqsadida barcha shart-sharoit yaratildi. Emlash punktlari tashkil etildi. Emlash jarayoniga 298 nafar shifokor, 548 nafar emlash hamshirasi, 308 nafar registrator jalb etildi. Shu bilan birga 49 ta harakatdagi mobil brigada tashkil etilib, avtomobillar bilan ta’minlandi. Emlashdan so‘ng yuz beradigan noxush holatlar ro‘yxatga olinganda davolash uchun kattalar va bolalar salomatlik shifoxonalarida jami 111 ta o‘rin zaxirasi yaratildi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri