Bolalar oromgohlarida favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish tartibi o‘rgatilmoqda
Shu kunlarda Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan respublikamiz bo‘ylab yong‘inlarning oldini olish yo‘nalishida “Dolzarb 60 kun” profilaktik tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Mazkur oylik doirasida aholi turar joylarida elektr va gaz jihozlaridan xavfsiz foydalanishni nazorat qilish, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalarida profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, energiya ta’minoti ob’ektlari, bozorlar va savdo komplekslarida yong‘in xavfsizligini ta’minlash, o‘ta muhim va xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarida profilaktik choralarni kuchaytirish kabi tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Maxsus qutqaruv bataloni xodimlari tomonidan yozgi bolalar oromgohida dam olayotgan bolajonlarga to‘g‘ri harakat qilish tartibi o‘rgatildi. Unda ishtirokchilarga favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganda to‘g‘ri va tezkor harakat qilish tartibi, evakuatsiya qoidalari hamda birlamchi xavfsizlik ko‘nikmalari tushuntirilmoqda.

Mashg‘ulotlar davomida bolalarga turli favqulodda vaziyatlarda sarosimaga tushmaslik, qutqaruv xizmatlari ko‘rsatmalariga qat’iy amal qilish, o‘zini va atrofdagilarni himoya qilish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Maxsus texnika va jihozlar namoyish etildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA