O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Unga muvofiq:
Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiyaning yangilangan tarkibi;
Bolalar masalalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri va tuman (shahar) komissiyalarining namunaviy tarkiblari tasdiqlandi.
Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya va Bolalar masalalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri va tuman (shahar) komissiyalarining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat bo‘ladi:
bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini amalda ruyobga chiqarish, ularning jismoniy, intellektual, ma’naviy hamda axloqiy jihatdan kamol topishiga, qobiliyati va iste’dodini to‘liq namoyon etishiga ko‘maklashish bo‘yicha chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish;
bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida bajarilayotgan ishlarni tizimli tahlil qilish, baholash va samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
ijtimoiy yetimlikning oldini olish va bolalarning ustuvor ravishda oila muhitida o‘sib-ulg‘ayishini ta’minlash maqsadida bolalarni oilaga tarbiyaga berish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar va tarbiyaga berish tizimining samaradorligini tahlil qilish hamda ushbu tizimni takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritib borish;
sifatli ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etish, bolalarga chuqur bilim berish, ularning bilim, malaka va ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha davlat organlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni muntazam tahlil qilib borish hamda ta’lim olishiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etish yuzasidan ta’sirchan choralarni belgilash;
"Xavfsiz maktab" tizimi keng joriy etilishiga qaratilgan va maktablarda axloqiy-psixologik muhitni yaxshilash bo‘yicha dasturlar amalga oshirilishi holatini tahlil qilib borish;
bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sport bilan muntazam shug‘ullanishga jalb etish, ayniqsa, qishloq va chekka hududlarda bolalar sportini yanada rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijasini muhokama qilib borish;
alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni inklyuziv ta’limga jalb qilish, tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish va jamiyatga integratsiyasini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar samaradorligini baholash;
bolalarni vatanparvarlikka undaydigan ta’lim-tarbiya samaradorligini, vatanparvarlik va Vatanga sadoqat hissini yuksaltirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar ta’sirchanligini oshirish;
bolalar salomatligini asrash, ularga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish, ular orasida sog‘lom turmush tarzini va to‘g‘ri ovqatlanishni yo‘lga qo‘yish, ta’lim tashkilotlarida bolalarning oziq-ovqat ta’minoti, ularning sifati va sanitariya holatini o‘rganib borish va yaxshilash bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish;
bolalarda huquqbuzarliklarga qarshi immunitetni shakllantirish, ular orasida huquqbuzarlik, nazoratsizlik va g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarning, shuningdek, bolalar ekspluatatsiyasi, ularga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish va ularning reabilitatsiyasini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holatini tahlil qilish va ular samaradorligini oshirish choralarini ko‘rish;
bolalar o‘rtasida spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni iste’mol qilish yoki boshqa salbiy illatlarni erta bosqichlarda aniqlash, davolash va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni tahlil qilish va ularning yechimi bo‘yicha takliflar tayyorlash;
ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ularni ijtimoiy-huquqiy himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini baholab borish va ularni yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish;
bolalar bilan ishlash tizimidagi kamchiliklar, ularning sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, tahlil qilish hamda bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
davlat organlari va tashkilotlarining, bolalar masalalari bo‘yicha hududiy komissiyalarning bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish.
Farmonga muvofiq, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boshqarmalari hamda tuman (shahar) "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazlari tegishlicha Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya va hududiy komissiyalarning ishchi organi vazifasini bajaradi.
O‘zA