Bolalar kutubxonasiga press-tur uyushtirildi
Surxondaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan Termiz shahrida joylashgan viloyat bolalar kutubxonasiga press-tur tashkil etildi. Unda soha mas’ullari, jamoatchilik vakillari, jurnalist va blogerlar ishtirok etdi.
Ishtirokchilar bolalar kutubxonasi faoliyati, bu yerda yaratilgan sharoit va qulayliklar, kitob fondi bilan tanishdi, kitobxon o‘quvchilar bilan suhbatlashdi.
Bugungi kunda ushbu kutubxonaning umumiy kitob fondi 104 ming 500 dan ziyodni tashkil etadi. Viloyat bo‘yicha umumta’lim maktab kutubxonalarining umumiy kitob fondi 1 million 190 ming 440 dan ziyod.
Press-tur davomida ishtirokchilar viloyatda kitobxonlikni ommalashtirish bo‘yicha o‘zlarining taklif va mulohazalarini bildirdi.
Tadbir doirasida, Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i X. Mamadiyev ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda boshqarma boshlig‘i jurnalist va blogerlarga kitobxonlikni keng targ‘ib etish hamda “Kitobsevar millat” umummilliy g‘oyasini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
[gallery-14774]
Ishtirokchilarni qiziqtirgan barcha savollariga boshqarma boshlig‘i batafsil javob qaytardi.
Shuningdek, anjuman davomida tizimda korrupsiyaviy holatlarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha boshqarmaning Korrupsiyaga qarshi kurashish kompleans nazoratini amalga oshirish bo‘yicha bosh mutaxassisi Sh. Karimov ma’lumot berib o‘tdi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat), O‘zA