Toshkent pediatriya tibbiyot institutida bolalarning sevimli shoirasi, olima va tarjimon Kavsar Turdiyevaning 65 yillik yubileyiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbir chinakam she’riyat bayramiga aylandi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, Kavsar Turdiyeva o‘zbek bolalar adabiyotining zabardast, ham kamtarin, zahmatkash vakilasidir.
Kavsar Turdiyeva 1958 yil 6 avgustda Toshkent shahrida ziyoli oilada tug‘ilgan. 1975 yili Chilonzor tumanidagi 201-o‘rta maktabni oltin medal bilan tugatib, Toshkent davlat universitetiga hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetiga o‘qishga kirgan, so‘ng Sankt-Peterburg davlat universitetini tugatgan. Hozirda Toshkent pediatriya tibbiyot institutida kafedra mudiri lavozimida ishlab kelmoqda.

Shoiraning "Varrak", "O‘ynayapman, o‘ylayapman", "Qush bo‘lib uchgan ona", "Raqamlar bo‘ylab sayohat" kabi ko‘plab she’riy to‘plamlari nashr etilgan. Adabiyotshunoslarga ko‘ra, Kavsar Turdiyevaning ijodi bolalar qalbining beg‘ubor kengliklarini ochib berishga, ularning nozik ruhiy kechinmalarini ko‘rsatishga qaratilgandir. Kavsar Turdiyeva kino san’ati sohasida ham samarali ijod qilmoqda. Uning "Zumrasha" hajviy kinojurnali uchun tayyorlagan "Ma’naviyatli bo‘laylik", "Sumalak va tilak", "Yodlasam bo‘lmasmidi?" kabi ekran asarlari yuqori baholangan. Kavsar Turdiyevaning multfilmlar, telefilmlar uchun yozgan qo‘shiqlari ham ommalashib ketgan.
Uning "Raqamlar bo‘ylab sayohat" (2001), "Ona isi", "Obod mahallam ko‘chalari", "Hayvonot bog‘i", "Salomat bo‘ling" (2003), "Botu nidosi", "Obod mahallam bo‘ylab", "Toshkesarlar mamlakati" (2004), Raim Farhodiy to‘plami tarjimalari (2005), "O‘n yumush", "Tozalik – go‘zallik" kabi kitoblari chop etilgan.
– Kavsar Turdiyevadek betakror ijodkor bilan ko‘p yillardan buyon birga ijod qilganmiz, – dedi “Tomosha” bolalar teatr-studiyasi badiiy rahbari, taniqli rejissyor Nodira Qurbonova. – Uning bolalarga atalgan she’rlari asosidagi zavqli qo‘shiqlar Yangi yil, Navro‘z, Mustaqillik bayramida yangragan. Nazarimda, bolalar uchun har kim ham ijod qila olmaydi. Buning uchun ulardek beg‘ubor inson bo‘lish kerak. Kavsar ana shunday ijodkordir.

– Kavsar Turdiyeva mening qadrdon insonim, ustoz Sherali akaning farzandi, – dedi O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron. – Sherali aka buyuk ma’rifatparvar jadid bobolarimiz haqida ko‘p yozardilar. Kavsarda otasining tabiati bor. Mening bolalarim Kavsarning farzandlari bilan birgalikda o‘sib, ulg‘aydi. Bolalar she’riyati adabiyotning poydevori bo‘lishi kerak. Bu she’riyat adabiyotning kelajagini belgilaydi. Kavsarning ijodi ham shu so‘zlarga daxldordir.
– Bola qalbining quyoshini ko‘ra olgan insonning qalbida ham quyosh charaqlab chiqadi, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli shoira Farog‘at Xudoyqulova. – Kavsar opa bolalar ko‘ngliga yo‘l topa olgan ijodkordir. Adabiyotga bo‘lgan mehr bolalar adabiyoti orqali kirib keladi. Kavsar opa bolalarga adabiyot, kitob bugun juda urfga kirgan telefonlaru kompyuterlardan afzalligini anglatayotgan ijodkordir. Bugun bolalar uchun mukammal asarlar yaratadigan davr keldi. Bu yo‘lda Kavsar opaga ijodiy baraka tilaymiz.
Tadbirda Kavsar Turdiyeva ijodi haqida iliq so‘zlar yangradi. Uning so‘zlari bilan kuylanuvchi qo‘shiqlar ijro etildi. Shuningdek, yosh ijodkorlar hamda ijodkor o‘qituvchilarning yangi kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Nazokat Usmonova, O‘zA