Bolalar huquqi davlat himoyasida
Ma’lumki, bugungi kunda butun dunyo miqyosida bola huquqlari kafolatlarini ta’minlash, ularni himoya qilish uchun zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratish har bir davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Bu borada mamlakatimizda ham salmoqli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, hozirgi kunga qadar bola huquqlari kafolatlarini belgilovchi 40 dan ortiq qonunlar hamda 500 dan ortiq qonunosti hujjatlari ishlab chiqilgan.
Ta’kidlash lozimki, bola huquqlari kafolatlariga oid qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilishda har bir davlat, avvalo, umume’tirof etilgan xalqaro huquq normalariga tayanadi. Mazkur yo‘nalishda maxsus xalqaro-huquqiy hujjatlar qabul qilingan bo‘lib, ularda belgilangan qoidalarga so‘zsiz amal qilish va ijrosini ta’minlash har bir a’zo davlatlar uchun majburiydir. Bunday xalqaro hujjatlar orasida Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasi tomonidan 1989-yil 20-noyabrda qabul qilingan va 1990-yil 2-sentabrdan kuchga kirgan “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiya bolalarning asosiy huquq va erkinliklarini yuqori darajada himoya qiluvchi eng muhim xalqaro hujjat bo‘lib, uning qoidalari bolalarga keng ko‘lamdagi fuqarolik, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni kafolatlaydi. O‘zbekiston Respublikasi ushbu Konvensiyaga qo‘shilgan.
Darhaqiqat, болаларнинг sud muhokamasida tinglash huquqi borasida fikr yuritilganda avvalo, “Bola huquqlari to‘g‘risidagi” Konvensiyaning 12-moddasi qoidalariga ahamiyat berish lozim. Unda “иштирокчи davlatlar o‘zining qarashlarini shakllantirishga qodir bolaga, ana shu qarashlarni bolaga taalluqli barcha masalalar bo‘yicha erkin ifoda etish huquqini ta’minlashi, binobarin, bolaning qarashlariga uning yoshi va yetukligiga muvofiq munosib darajada e’tibor berilishi, hamda ana shu maqsadda bolaga, jumladan, bolaga taalluqli har qanday sud yoki ma’muriy muhokama paytida, bevosita, vakil yoxud tegishli organ orqali milliy qonunchilikning protsessual me’yorlarida ko‘zda tutilgan tartibda o‘zining fikrlarini ular tomonidan eshitish imkoniyati berilishi alohida ta’kidlangan.
Shuningdek, Konvensiyada bolalar huquqlarini himoya qilishning asosiy prinsipi sifatida – bolalar manfaatlarining ustuvorligini tan olish belgilangan. Bu yondashuv bolalar huquqlari va ularni himoya qilishda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, bolalar muomala qilinadigan sub’ektlar sifatida qabul qilinishini ta’minlaydi.
Bundan tashqari, BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi bolalarni himoya qilishda eski yondashuvlardan (ularga faqatgina yordamga muhtoj ob’ekt sifatida qarash) yangi yondashuvga o‘tishni talab qiladi. Ushbu yondashuvda bolalar o‘z haq-huquqlarini tushunadigan va ularni talab qila oladigan shaxslar sifatida qaraladi. Bu bolalarning o‘z qadr-qimmatlarini anglashlariga, o‘z huquqlarini himoya qilishlariga va ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishlariga yordam beradi. Davlatlar va boshqa manfaatdor tomonlar esa bolalar huquqlarini ta’minlashda o‘z majburiyatlarini bajarishlari va bolalarni o‘z huquqlarini talab qila oladigan shaxslar sifatida ko‘rishga tayyor bo‘lishlari kerak.
Ho‘sh, bugungi kunda mamlakatimizda bolalarning, shu jumladan, 10 yoshgacha bo‘lgan bolalarning sud muhokamasida tinglanish va ularning manfaatlariga oid masalalar hal etilayotganda shaxsiy fikrini bildirish huquqi qonunchilikda qay darajada o‘z aksini topgan?
Avvalo, yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizga “Oila, bolalar, yoshlar” deb nomlangan yangi bob kiritilganligi, bu bola huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va kafolatlash borasidagi say-harakatlar yanada kuchaytirilganligining yaqqol isbotidir. Asosiy Qonunimizning 78-moddasida bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyati ekanligi alohida ko‘rsatilgan.
Shuningdek, bola huquqlarining kafolatlari sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi maxsus O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida” Qonuni 15-moddasi bevosita Bolaning o‘z fikrini ifoda etish huquqi kafolatlari, deb nomlanib unga ko‘ra, oilada har qanday masala hal qilinayotganda bola o‘z fikrini ifoda etishga, shuningdek har qanday sud muhokamasi yoki ma’muriy muhokama jarayonida so‘zlashga haqli ekanligi, bunda qaror qabul qilishga vakolatli bo‘lgan organlar va mansabdor shaxslar bolaning manfaatlariga taalluqli masalalarni hal qilishda bolaning fikrini, uning yoshidan qat’i nazar, ko‘rib chiqishi hamda bolaning eng ustun manfaatlaridan kelib chiqqan holda qarorlar qabul qilishi lozimligi belgilangan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksida ham bola huquqlari kafolatlariga oid bir qator normalar belgilangan bo‘lib, jumladan, uning 67-moddasiga asosan, bola o‘z huquqi va qonuniy manfaatlarini himoya qilish huquqiga ega. Bolaning huquq va qonuniy manfaatlari buzilganda, shu jumladan, ota-ona (ulardan biri) bolani tarbiyalash va ta’lim berish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmaganda yoxud ota-onalik huquqlarini suiiste’mol qilganda bola o‘z huquq va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini so‘rab, vasiylik va homiylik organiga, o‘n to‘rt yoshga to‘lgandan keyin esa, mustaqil ravishda sudga murojaat qilish huquqi kafolatlanadi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga muvofiq, quyidagi masalalarni hal qilishda 10 yoshga to‘lgan bolaning roziligi talab qilinadi:
birinchidan, o‘n yoshga to‘lgan bolaning familiyasi, ismi va ota ismi faqat uning roziligi bilan o‘zgartirilishi mumkin;
ikkinchidan, agar ota-onalik huquqining tiklanishi bola manfaatlariga zid bo‘lsa, sud bolaning fikrini hisobga olgan holda ota-onaning (ulardan birining) ota-onalik huquqini tiklash to‘g‘risidagi da’vosini qanoatlantirishni rad qilishga haqlidir. O‘n yoshga to‘lgan bolaga nisbatan ota-onalik huquqining tiklanishiga faqat uning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi;
uchinchidan, o‘n yoshga to‘lgan bolani farzandlikka olish uchun uning roziligi talab qilinadi. Farzandlikka olishda bolaning roziligi vasiylik va homiylik organlari yoki sud tomonidan farzandlikka olish to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilayotganda aniqlanadi.
to‘rtinchidan, farzandlikka olishni bekor qilishga faqat sud tartibida yo‘l qo‘yiladi va uni hal qilishda o‘n yoshga to‘lgan bolaning fikri hisobga olinadi;
beshinchidan, bolalarni oilaga tarbiyaga berish ularning xohishini hisobga olgan holda amalga oshiriladi. O‘n yoshga to‘lgan bolalarni ularning roziligi bilan oilaga tarbiyaga berish mumkin.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, xalqaro doirada e’tirof etilgan bolalar manfaatlarining ustuvorligini tan olish prinsipi hamda ularning tinglanish va shaxsiy fikrini bildirish huquqi hozirgi kunda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, ularning hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, o‘z fikrlarini ifoda etishlari, o‘z huquqlarini talab qilishlari imkoniyatlarini oshiradi. Ushbu yondashuv bolalar uchun adolatli va xavfsiz muhit yaratish, shuningdek, ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishlariga yordam beradi. Shu bilan birga, bu huquqning amalda qo‘llanilishi va amalga oshirilishi kafolati zarur, ya’ni bolalarning manfaatlari ustuvor hisoblangan qarorlar qabul qilinishida bu prinsipga to‘liq amal qilinishi kerak.
Matchonboy MATCHANOV,
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Yashnobod tuman sudining tergov sudyasi.