Poytaxtimizda Yoshlar ishlari agentligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, O‘zbekiston bolalar tashkiloti, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda “Yoshlar forumi-2024” doirasida O‘zbekiston bolalar tashkiloti “Bolalar harakati” Respublika sardorlari saylovining final bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Bolalarda liderlik ko‘nikmalarini shakllantirish, ularni vatanparvarlik, mardlik ruhida tarbiyalash, bolalarning tashabbuslari va ijtimoiy loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish maqsadida o‘tkazilgan sardorlar saylovi besh bosqichda tashkil etildi.


Bugungi kunga qadar “Bolalar harakati” sardorlar saylovining sinf, maktab, tuman (shahar) bosqichi o‘tkazildi. “Bolalar harakati” saylovlarida “Sport”, “Ekologiya”, “Media va IT”, “San’at”, “Ta’lim”, “Saxovat” yo‘nalishlarida bosh sardorlar saylandi.

Xususan, sinf sardorlar saylovlarida 171 ming 759 nafar, maktab sardorlar saylovida 196 ming 160 nafar maktab sardorlari e’tiborga olindi. Shuningdek, 208 ta tuman (shahar)da bo‘lib o‘tgan “Bolalar harakati” sardorlar saylovining tuman (shahar) bosqichida 1 ming 456 nafar sardorlar, 14 ta hududda tashkil etilgan hududiy bosqichda 98 nafar sardorlar, respublika bosqichida esa 14 nafar sardorlar saylandi.

Jumladan, bosh sardorlik uchun Jasurbek Yusufjonov saylangan bo‘lsa, “Qizlar akademiyasi” yo‘nalishi sardorligi Dilso‘z No‘monovaga nasib etdi. “Ibrat farzandlari” yo‘nalishi sardori Ominabonu Abdurahimova, “Zakovat” yo‘nalishi sardori Mushtariy Doniyorova, “Mutolaa” yo‘nalishi sardori E’zoza Sattorova, “Ustoz AI” yo‘nalishi sardori Murodilla Hamroyev, “Fitrat Media” yo‘nalishi sardori Ozodbek Gulyamov hamda “Yashil makon” yo‘nalishi sardori Ruxshona Isroilova bo‘ldi.

Shuningdek, “UzChess” yo‘nalishi sardorligiga Muhammadyusuf Ismoiljonov saylandi. “Vatan tayanchi” yo‘nalishi sardori Xudoynazar Shodmonov, “San’at” yo‘nalishi sardori Dinara Jiyenbayeva, “Iqtidor” yo‘nalishi sardori Mavluda Anvarbekova, “Imkon” yo‘nalishi sardori Mubina Karimova va “Cho‘lpon izdoshlari” yo‘nalishi sardori Alina Maksyutova bo‘ldi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA