Davlatning bola huquqlarini himoya qilishni ta’minlash funksiyasi Bola huquqlari bo‘yicha vakil faoliyatida aks etadi. Bugungi kunda bolalarning huquqlarini himoya qilish, ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlashda dunyoning saksonga yaqin mamlakatlarida Bolalar ombudsmani faoliyat yuritadi. Ularning asosiy vazifasi “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi konvensiya qoidalarini qonunchilikka tatbiq etish, bolaning shaxsi, sha’ni, qadr-qimmati, huquq, erkinlik va qonuniy manfaatlari himoyasiga butun jamiyat va davlatni faol jalb etishdan iborat.
Bolalar huquqlari bo‘yicha Ombudsman yoki vakil lavozimi birinchi bo‘lib Norvegiyada 1982 yilda ta’sis etilgan. Shvetsiyada esa bunday institut 1993 yilda faoliyat boshlagan.
O‘zbekistonda Prezidentimizning 2019 yil 22 apreldagi “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari — Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimi joriy etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 maydagi “Bola huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida Bola huquqlari bo‘yicha vakilning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari belgilandi.
Afsuslar bo‘lsinki, ijtimoiy tarmoqlarda kunda-kunora ko‘ngilni g‘ash qiladigan onalarning o‘z farzandlariga nisbatan zo‘ravonlik qilayotganiga guvohi bo‘lmoqdamiz. To‘g‘ri, zo‘ravon shaxsga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani ozgina bo‘lsada, ogohlikka chaqirishi mumkin. Ammo bolaga yetkazilgan jismoniy, ma’naviy zararni qanday to‘g‘rilash imkoni bo‘ladi?
Zo‘ravonlik nafaqat bolalarning omon qolishi va sog‘lig‘iga, balki ularning hissiy farovonligi va kelajak istiqbollariga ham tahdid soladi. Agar bola erta yoshda, tana va miya rivojlanishining muhim bosqichida zo‘ravonlikni boshdan kechirgan yoki guvohi bo‘lgan bo‘lsa, salbiy oqibatlar qaytarilmas bo‘lishi mumkin. Zo‘ravonlik bolalarning jismoniy va ruhiy salomatligiga ta’sir qiladi, ularning ta’lim olish va ijtimoiylashuv qobiliyatini pasaytiradi, psixologik jihatdan sog‘lom voyaga yetishishlari va yaxshi ota-onalar bo‘lib shakllanishlariga to‘sqinlik qiladi.
Ming afsuski, ko‘p holatlarda ushbu zo‘ravonlik oqibatlari muhokama qilinmaydi. Bolajonlar zo‘ravonlik holatlari haqida gapirmaydilar, gapirolmaydilar... Shuning uchun kamdan-kam hollarda kerakli yordamni olishadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda so‘nggi 3 yilda 2 mingdan ortiq kishi ota-onalik huquqidan mahrum qilingan. Ularning mutlaq katta qismi – 86 foizida ota-onalik majburiyatlarini bajarmaganlik, 14 foizi esa bolalarini tashlab ketganligi, ularga jismoniy va ruhiy tazyiq o‘tkazganligi, ichkilikbozlik va giyohvandlik moddalariga berilishi yoki bolasi yoki eri (xotini) hayoti-sog‘ligiga qasddan jinoyat sodir etish sabab bo‘lgan.
Ma’lumki, joriy yilning oktyabr oyida Adliya vazirligi tomonidan “Bolalarni zo‘ravonliklarning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Unda bir qator muhim o‘zgarishlar nazarda tutilgan. Avvalo bolalarga qarshi zo‘ravonlik oldini olish va jinsiy zo‘ravonlik qilgan shaxslar reyestiri yaratilishi va ular ta’lim sohasida ishlashi ta’qiqlanishi kabi yechimlar taklif qilingan. Yana bir masala, ta’lim muassasalarida, ayniqsa maktablarda bolalarni kamsituvchi muomalada bo‘lish muammosi. Bu butun dunyoda jiddiy muammo hisoblanadi. Agar qonun loyihasi qabul qilinsa, ta’lim muassasalarida bolalarga zo‘ravonlik, kuch ishlatish va ularni kamsituvchi muomalada bo‘lish qat’iy nazoratga olinadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/kA0f9CBbRp4" title="BOLALAR DAVLAT HIMOYASIDA (+video)" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>To‘g‘ri, jamiyatimizda global muammolar, bugun yechilishi zarur bo‘lgan iqtisodiy islohotlar yetarli bo‘lishi mumkin. Ammo gap farzandlarimiz xavfsizligi haqida ketar ekan, bu har bir ota-ona va bola huquqlariga mas’ul har bir tashkilotni hushyorlikka chaqirishi lozim, deb hisoblaymiz.
Bolalar zo‘ravonligiga davlat miqyosida qonuniy e’tibor qaratilayotganining o‘zi juda katta ahamiyatga ega. Zero farzandlarimiz bu bizning ertamiz, kelajagimizdir. O‘zingiz va yaqinlaringizni e’tiborsiz qoldirmang.
M.Turdaliyeva, A.Ahmedov (video), O‘zA