Bolajonlarga unutilmas lahzalar taqdim etildi
1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Sirdaryo viloyatida “Bolalarga bering dunyoni” shiori ostida keng ko‘lamli bayram tadbirlari tashkil etildi. Viloyatning barcha tuman va shaharlarida o‘tkazilgan madaniy-ma’rifiy tadbirlar bolajonlarga unutilmas quvonch va zavq bag‘ishladi.
Shu kuni istirohat bog‘lari, madaniyat saroylari, markaziy maydonlar va bolalar dam olish maskanlari haqiqiy bayramgohlarga aylandi. Teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari, konsert dasturlari, sport musobaqalari, intellektual bellashuvlar hamda turli ko‘ngilochar o‘yinlar bolalarning qiziqishi va yoshiga mos tarzda tashkil etildi. Attraksionlar, rasm chizish va ijodiy tanlovlar, qo‘g‘irchoq teatrlari hamda musiqiy chiqishlar bayramga yanada fayz bag‘ishladi.
Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar uchun tashkil etilgan tadbirlar alohida ahamiyat kasb etdi. Ijtimoiy himoya milliy agentligining Sirdaryo viloyati boshqarmasi va viloyat hokimligi hamkorligida o‘tkazilgan bayram tadbirida 152 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola, 110 nafar davlat ta’minotidagi oilalar farzandlari hamda tayanch-harakat a’zolarida nuqsoni bo‘lgan bolalar ishtirok etishdi.
Bolajonlar uchun Guliston istirohat bog‘ida sayl va ko‘ngilochar dasturlar tashkil etildi. Turli attraksionlar, qiziqarli o‘yinlar hamda “Muzqaymoq pati” bolalarga bayramona kayfiyat ulashdi. Keyinchalik ular Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrida sahnalashtirilgan “Muzlagan soat” nomli zamonaviy musiqali ertakni tomosha qilib, ertaklar olamiga sayohat qilishdi.
– Bugun bolalarimiz uchun unutilmas bayram bo‘ldi. Ular turli o‘yinlarda ishtirok etishdi, qiziqarli sahna ko‘rinishlarini tomosha qilishdi. Eng muhimi, ularning chehrasida quvonch, ko‘zlarida esa ishonchni ko‘rdik. Bu esa har qanday ota-ona uchun katta baxt, – deydi gulistonlik Mavluda Baratova.
Tadbirning davomi sifatida “Farovon” tantanalar uyida bayram dasturxoni yozildi. Shu yerda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari psixologlari tomonidan interaktiv o‘yinlar, jamoaviy mashg‘ulotlar va psixologik mashqlar tashkil etildi. Bu nafaqat bolalar kayfiyatini ko‘tardi, balki ularning ijtimoiy faolligini oshirish, muloqot ko‘nikmalarini mustahkamlash va jamoada ishlash qobiliyatini rivojlantirishga ham xizmat qildi.
– Dunyoda bola tabassumichalik samimiy boylik yo‘q. Uni asrash va ko‘paytirish barchamizning muqaddas vazifamizdir, – deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi Bolalarni ijtimoiy himoya qilish bo‘limining bosh mutaxassisi Husanxon Jabborov. – Gulistonda tashkil etilgan bayram tadbirlari bolajonlarga unutilmas taassurotlar bag‘ishladi. Ularning quvonchga to‘lgan nigohlari va beg‘ubor kulgisi barcha sa’y-harakatlarimizning eng muhim natijasidir.
Viloyatning barcha hududlarida o‘tkazilgan tadbirlar davomida bolalar huquqlari, ularning ta’lim olishi, sog‘lom o‘sib-ulg‘ayishi va iqtidorini namoyon etishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida keng tushuntirish ishlari olib borildi.
[gallery-29725]
Bugun mamlakatimizda bola manfaatlarini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. So‘nggi yillarda ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish, bolalar sportini rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.
Sirdaryo viloyatida nishonlangan Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni tadbirlari ham ana shu sa’y-harakatlarning amaliy ifodasidir. Chunki har bir bolaning quvonchi, baxtli bolaligi va ertangi kunga bo‘lgan ishonchi mamlakat kelajagining mustahkam poydevoridir.
Darhaqiqat, bolalar kulgusi yangragan yurtda kelajakka ishonch ham mustahkam bo‘ladi. Sirdaryoda o‘tkazilgan bayram tadbirlari har bir bola davlat va jamiyat e’tiborida ekanini yana bir bor namoyon qildi.
Bayram tadbirlari izchil davom etmoqda.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA