| Y | D | S | CH | P | J | SH |
|---|---|---|---|---|---|---|
| 1 | 2 | 3 | 4 | 5 | 6 | 7 |
| 8 | 9 | 10 | 11 | 12 | 13 | 14 |
| 15 | 16 | 17 | 18 | 19 | 20 | 21 |
| 22 | 23 | 24 | 25 | 26 | 27 | 28 |
| 29 | 30 | 1 | 2 | 3 | 4 | 5 |
Bolajonlarga olam-olam quvonch bag‘ishladi

Andijon shahridagi viloyat bolalar qo‘g‘irchoq teatrida “Prezident archasi” bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda so‘z olgan Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Prezidentimizning bolajonlarga bayram tabrigini o‘qib eshittirdi, mamlakatimizda bolajonlarga ko‘rsatilayotgan alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik, ularning sog‘lom va barkamol voyaga yetishi uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotganligi, bu borada Andijon viloyatida ham ibratli ishlar olib borilayotganligini ta’kidladi.
Yangi yil bayrami arafasida o‘tkazilgan “Prezident archasi” shodiyonalari unda ishtirok etgan Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Muruvvat uyi” tarbiyalanuvchilari, shuningdek, ota-ona qaramog‘idan maxrum bo‘lgan bolalar hamda Vatan himoyasi yo‘lida qurbon bo‘lgan ichki ishlar xodimlari, harbiy xizmatchilarning farzandlariga olam-olam quvonch bag‘ishladi.
Bayram tadbirida Qorbobo, Qorqiz hamda turli ertaklar qahramonlari ishtirokidagi teatrlashtirilgan tomoshalar, bolalar musiqa va san’at maktablari, ta’lim muassasalari qoshidagi badiiy jamolar tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.
– “Prezident archasi” bayram tadbiri menga va do‘stlarimga bir olam quvonch bag‘ishladi, – deydi tadbir ishtirokchisi, Asaka tumanidagi 17- umumta’lim maktabi 4- sinf o‘quvchisi Dadaxon Qo‘ldoshev. – Bizga shunday chiroyli bayramlar o‘tkazib berayotgan, ajoyib sovg‘alar taqdim etayotgan Prezident bobomizga rahmatlar aytamiz.
Bolajonlarga olam-olam quvonch bag‘ishlagan ushbu tantanada 300 nafardan ziyod bolaga davlatimiz rahbarining sovg‘alari berildi. Turli shirinliklar va o‘quv qurollaridan iborat Prezident sovg‘alarini bolajonlarga viloyati hokimi Sh. Abdurahmonov topshirdi.
Umuman, yangi yil bayrami munosabati bilan viloyatdagi 700 nafarga yaqin bolajonga Prezident sovg‘alari tarqatildi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari
Muallif: faxriddinubaydullayev




