Bolajonlar uchun yana bir zamonaviy maskan
Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi 120 o‘ringa mo‘ljallangan 12-sonli “Nafosat” davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti zamonaviy talablar asosida ta’mirlanib, kichkintoylar uchun munosib ta’lim va tarbiya maskaniga aylantirildi.
Maskanning ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda ta’lim tizimini isloh qilish, ayniqsa, maktabgacha ta’limni yangi bosqichga olib chiqish, bolalar uchun zamonaviy va qulay sharoitlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanganligini, bolalarning ilk ta’lim va tarbiyasi uning keyingi hayoti, dunyoqarashi va salohiyati shakllanishida muhim o‘rin tutishini alohida ta’kidladi.




Loyihani amalga oshirish uchun Islom taraqqiyot banki tomonidan 2 milliard 50 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. “Bahora Qurilish Kelajagi” MCHJ tomonidan amalga oshirilgan ta’mirlash ishlari natijasida muassasa zamonaviy qiyofa kasb etdi.
Eng muhimi, bunday muassasalar soni va sifati ortib borishi bilan hududlarda maktabgacha ta’lim qamrovi kengayib, ota-onalar uchun qulayliklar yaratilmoqda. Bolalar esa zamonaviy sharoitlarda bilim olish, tarbiyalanish, o‘z iqtidor va iste’dodlarini erkin namoyon etish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri