Milliy gvardiya huzuridagi Bolalar psixologiyasi markazi tomonidan poytaxtimizdagi 30, 22-sonli hamda Chirchiq shahridagi 14-sonli Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari uchun “Koinotga sayohat” nomli o‘ziga xos psixologik yo‘nalishdagi Yangi yil tadbiri tashkil etildi.
Tadbir maxsus tayyorlangan videorolik orqali yoshlarni samoga uchish orzularini his qilishdek noyob tuyg‘ularni tuhfa qilishdan boshlandi.

Bolalar psixologiyasi markazi mutaxassislari tomonidan bolajonlarning iqtidorini namoyon etishga yo‘naltirilgan uslubdagi o‘yinlar o‘tkazildi. “Ilhom” teatri ijodkorlari va estrada xonandalarining chiqishlari bolalarga bayramona kayfiyat, zavq baxshida etdi.

Bayram tadbirida yengil mahorat darslari, psixologik trening, sport mashg‘ulotlari elementlari, shuningdek, dasturlash, raqs, yoga, pazandalik, tikuvchilik kabi mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Bolajonlarga sovg‘alar ulashilib, bayramona tushlik tashkillashtirildi. Tadbir noan’anaviy boshlanganidek, yakuni ham o‘zgacha kechdi. Bolajonlar o‘z orzulari ila havoga sharlar uchirdi.
Hilola Abrayqulova,
Milliy gvardiya axborot xizmati xodimi
O‘zA