Bolajonlar miriqib dam olmoqda (+video)
Ayni kunlarda yozgi oromgohlar bolajonlarning eng sevimli maskani sanaladi. Bu yerda ular miriqib dam olish bilan birga turli to‘garaklarda kasb o‘rganadi, bilim va ko‘nikmasini oshiradi, yangi do‘stlar orttiradi.
“NKMK jamg‘armasi” davlat muassasasi tasarrufidagi “Bolajon” bolalarni sog‘lomlashtirish oromgohi eng so‘lim maskanlardan biridir.
Mazkur oromgoh Paxtachi tumanining Mojor mahallasida joylashgan bo‘lib, yoshi ulug‘lar bu yerni “Xon chorbog‘” deyishadi.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Buxoro amirligi tasarrufida bo‘lgan hozirgi Paxtachi tumani hududidagi mazkur joy xonning safarlarga chiqqanda dam oladigan chorbog‘i bo‘lgan. Keyinchalik bu yer bolalar oromgohi sifatida faoliyat yurita boshlagan. Hozir esa oromgohda asosan Navoiy kon -metallurgiya kombinati ishchi- xizmatchilarining farzandlari dam oladi.
Navoiy shahridan 25 km uzoqlikda joylashgan oromgohda 4 mavsum davomida 1730 nafar bolajon dam olib, hordiq chiqaradi. Ular uchun bu yerda barcha sharoit yaratilgan bo‘lib, turli xil to‘garaklar, ko‘ngilochar tadbirlar, badiiy kechalar, sport o‘yinlari bolajonlarga olam-olam zavq ulashadi.
– Oromgohimizda birinchi mavsumda 400 nafarga yaqin bolajon dam olmoqda, – deydi oromgoh bosh tarbiyachisi Maryam Azimova. – 8 ta to‘garak mavjud bo‘lib, pedagog xodim va yetakchilar mavsum avvalida saralab olingan. Ularga seminarlar tashkil etilib, ko‘nikmalari oshirilgan. 3000 donadan ortiq kitob fondiga ega kutubxonamiz mavjud. Bolajonlar o‘z qiziqishlariga qarab turli to‘garaklarga qatnashadi. Har kuni turli sport musobaqalari tashkil etilib, bolajonlar guruhlarga bo‘lingan holda ishtirok etadi. Xullas, bolajonlarimizning bo‘sh vaqti bo‘lmaydi.
Oromgohda 14 kunga mo‘ljallangan dastur ishlab chiqilgan bo‘lib, bolajonlar Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Besh tashabbus” doirasida turli sport musobaqalari, ma’naviy-ma’rifiy va ko‘ngilochar tadbirlar hamda tanlovlarda ishtirok etadi.
[gallery-17971]
– Bu sog‘lomlashtirish oromgohi menga yoqadi, – deydi bolajonlardan biri Dildora Ochilova. – Har kuni musiqa kechalari tashkil etiladi. Multfilmlar namoyish etiladi. Turli to‘garaklarga qatnashayapman. Kitoblar o‘qib, maroqli dam olmoqdaman. Ustozlarimiz juda mehribon. Bilmagan narsalarimizni so‘rasak, barchasini tushuntirib, o‘rgatadi. Bu yerda men yangi do‘stlar orttirdim.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/Zhu7pMbXVXo?si=wbSdQJS5x64mppv1" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Albatta, yozgi ta’tilda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishni tashkil etish har qachongidan-da muhim masala. Bu davrda bolajonlar qanchalik maroqli dam olsa, yangi o‘quv yilini ham zo‘r kayfiyatda boshlashadi. Joriy yilgi yoz mavsumida Navoiy viloyatidagi 18 ta oromgohga jami 15 ming 490 nafar bola jalb qilinishi rejalashtirilgan.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat,video),
O‘zA muxbirlari