“Bo‘lajak olim” tanlovi o‘tkaziladi
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan “Bo‘lajak olim” tanlovi e’lon qilindi.
Tanlovdan maqsad, iste’dodli yosh olimlarning innovatsion faoliyati natijalari va tashabbuslarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashdir. Ularning ilmiy izlanishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berish hamda salohiyatli yoshlarni ilm-fanga keng jalb etish.
Tanlov Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 19 apreldagi “Ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Bo‘lajak olim” tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizomda belgilangan talablarga muvofiq o‘tkaziladi.
“Bo‘lajak olim” tanlovi doirasida yosh olimlarning ilmiy g‘oyalari rag‘batlantiriladi hamda ilmiy va startap loyihalari moliyalashtiriladi.
Tanlovda qatnashish shartlari va talab etiladigan hujjatlar bilan vazirlikning internetdagi rasmiy sahifalarida tanishish mumkin. Tanlov doirasida ilmiy g‘oyalar bo‘yicha takliflar joriy yil 20 iyun kuni soat 18:00 ga qadar qabul qilinadi.
Tanlov doirasida startap loyihalar bo‘yicha takliflar esa joriy yilning 31 may kuni soat 18:00 ga qadar qabul qilinadi.
Bunda vazirlik tomonidan taqdim etilgan shakllar asosida hujjatlar www.yoshlarakademiyasi.uz veb-sahifasining tanlovlar rukni orqali yuklanadi.
Taqdim etilgan ilmiy g‘oya hamda startap loyihalar tanlov talablariga qat’iy rioya qilinganligi, loyiha materiallarining ishonchliligi va haqqoniyligi, ko‘chirmachilikka (plagiat) yo‘l qo‘yilmaganligi, belgilangan talablar asosida shakllantirilganligi bo‘yicha dastlabki texnik ekspertizadan o‘tkaziladi.
Ekspertizadan o‘tmagan loyihalar tanlovning keyingi bosqichiga tavsiya etilmaydi.
Taqdim etilgan loyihalardagi ma’lumotlarning haqqoniyligi va ishonchliligi, tanlov dasturlari vazifalarida belgilangan, kutilayotgan natijalarni to‘la va o‘z vaqtida sifatli bajarilishiga ilmiy g‘oya hamda startap loyiha mualliflari shaxsan javobgar hisoblanadi.
www.yoshlarakademiyasi.uz sayti orqali loyihalarni topshirish bilan bog‘liq texnik masalalar bo‘yicha (71) 203-32-23 (230, 233) raqamlariga qo‘ng‘iroq qiling.
Tanlovlarga arizalar 2021 yil 1 may sanasidan boshlab qabul qilinadi.
O‘zA