Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida «Men ham harbiy bo‘laman» nomli adabiy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda qayd etilganidek, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan harbiy oliy o‘quv yurtlari, jumladan, «Temurbeklar maktabi», «Jaloliddin Manguberdi» akademik litseylari, umumta’lim maktablardagi «Vatan tayanchi» dasturi o‘quvchilari hamda muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan oddiy askarlar uchun o‘quv-qo‘llanma sifatida «Men ham harbiy bo‘laman» kitobi nashrga tayyorlandi.

Mazkur kitob-albomning taqdimoti sifatida tashkil etilgan tadbirda mas’ullar tomonidan kitobning mazmun-mohiyati va ahamiyati xususida ma’lumotlar berildi.
Qayd etilganidek, mazkur kitob-albomda milliy tariximiz, ajdodlarimizning jangovar ruhi, Vatanga muhabbat, milliy davlatchiligimiz bosib o‘tgan shonli yo‘l haqidagi qimmatli ma’lumotlar jamlangan.
Shu bilan birga, bu kitob milliy armiyamizning rivojlanish jarayonlarini yaxlit ifoda etishi, tarixiy fotomateriallar bilan boyitilgani bilan ahamiyat kasb etadi. Kitobning birinchi qismida Markaziy Osiyo va O‘zbekiston tarixida harbiy ish, qurollanish sohasi va mudofaa tizimi, harbiy ish tarixining o‘ziga xos jihatlari, Vatan uchun olib borilgan janglar, jasorat mavzusi qatorida Yevropa xaritalarida ilk bor o‘zbek zamini va o‘zbek davlati tushunchalari qayd etilishi ko‘rsatib berilgan.

Tadbirda kitobda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tarixi, Mudofaa doktrinasi mazmun-mohiyati tushunarli, sodda va ixcham shaklda aks ettirilgani ta’kidlanib, kitob ahamiyati haqidagi fikr-mulohazalar bayon etildi.
Shuningdek, ajdodlarimiz jasorati aks etgan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Akademiya axborot-resur markazi uchun kitob-albom taqdim qilindi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA