Bo‘lajak geologlarga diplom berildi
Geologiya fanlari universitetining ilk magistratura bitiruvchilariga diplom topshirildi.
Ma’lumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2020 yilda Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tasarrufida klaster shaklidagi Geologiya fanlari universiteti tashkil etildi. Shu yilning o‘zida universitet tarkibidagi barcha o‘quv binolari, ilmiy-tadqiqot institutlari, zamonaviy laboratoriya, geologiya muzeyi va talabalar turar joyi bir joyda jamlangan respublikamizda yagona ilmiy klaster − Geologiya kampusi qurilishiga tamal toshi qo‘yildi.
Qisqa davr mobaynida qulayliklari hech bir mehmonxonadan qolishmaydigan 500 ga yaqin o‘rinli talabalar yotoqxonasi, umumiy sig‘imi 1048 o‘rinli auditoriya, 310 o‘rinli oshxona hamda 142 o‘rinli professor-o‘qituvchilar xonalari, axborot texnologiyalari bilan jihozlangan 70 mingdan ortiq ilmiy, badiiy adabiyotlar, 12 mingdan ortiq elektron kitoblarga ega Axborot resurs markazining shaxsan Prezidentimiz tomonidan foydalanishga topshirilishi Geologiya sohasining oliy ta’lim tizimida ham munosib o‘rnini belgilab berdi.
[gallery-8521]
bugungi kunda universitetda 700 dan ortiq talaba tahsil olmoqda. Bundan 134 nafari magistratura talabalaridir. Ular «Yerni masofadan zondlash va Geoaxborot tizimlari (GAT) texnologiyalari», «Gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi», «Geokimyo, mineralogiya va petrologiya», «Ruda va noruda foydali qazilma konlarini izlash va qidirish», «Neft va gaz geologiyasi, qidiruvi va razvedkasi», «Geologiya razvedka ishlarining texnika va texnologiyasi» mutaxassisliklari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirmoqda. Bu yil 70 dan ortiq magistrantlar universitetning ilk bitiruvchilari hisoblanadi.
Himoya qilingan dissertatsiyalar orasida Davlat Attestatsiya komissiyasi tomonidan yuqori baholangan hamda bugungi kundagi geologiya sohasi oldida turgan muhim vazifalarni yechishga qaratilgan ilmiy ishlar mavjud bo‘lib, ularni rivojlantirish va amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha grant loyihalari sifatida davom ettirishga tavsiyalar berildi.
Gulnoza Boboyeva, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA