Bo‘lajak bojxonachilarga diplom topshirildi
Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona institutida bitiruvchilarga diplom topshirish tadbiri tantanali ravishda bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida Davlatimiz madhiyasi sadolari yangradi. Davlat bojxona qo‘mitasi rahbariyati bugungi bojxona avvalgisidan tubdan farq qilishini, islohotlar natijasida endi bojxona «chegarada darvoza qo‘riqchisi» emas, balki «to‘g‘ri yo‘lga chorlovchi», tashqi savdoga ko‘makchi idora sifatida yangi imijda namoyon bo‘layotganini qayd etdi.
Tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mita raisi Erkin Solihov va boshqalar bitiruvchilarni tabrikladi.
Tadbirda Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov oliygoh bitiruvchilariga diplomlarni topshirdi. Shuni ham aytish joiz, 149 nafar bitiruvchilar orasidan 13 nafari institutni imtiyozli diplom bilan bitirdi.
Bojxona tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida ushbu oliy o‘quv yurtida tahsil olgan kursantlar endi bojxona xizmati leytenanti sifatida Yangi O‘zbekistonning ertangi kun bojxonasi egasi sifatida xizmatga kirishadi.

Tantanali tadbir taniqli san’atkorlar ishtirokidagi konsert dasturiga ulanib ketdi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA