Bo‘lajak askarlar tantanali kutib olindi
Andijon shahridagi temiryo‘l vokzalida harbiy xizmatga chaqirilgan yigitlarni kutib olishga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Marosimda viloyat hokimligi, mudofaa ishlari boshqarmasi, O‘zbekiston Respublikasi DXX Chegara qo‘shinlari harbiy qism ofitserlari, faxriylar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda mamlakatimizda harbiy sohada amalga oshirilgan islohotlar, milliy armiyamizning jangovar salohiyatini oshirish, Vatan himoyasi, yurtimiz tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlash har bir yigit uchun muqaddas burch ekanligi ta’kidlandi.

Keng maydonda saf tortgan, 2025-2026 yillarda muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun respublikamiz turli hududlaridan kelgan bo‘lajak askarlarning harbiy xizmatni ado etishga bo‘lgan ishtiyoqi, g‘ayrat-shijoati, jismoniy va ma’naviy barkamolligi, ayniqsa, ularning aksariyati “Vatanparvar” tashkilotining sport-texnika klublarida tahsil olib, turli harbiy mutaxassisliklarni, ma’lum jangovar ko‘nikmalarni egallagan holda harbiy xizmatga kelganligini aytib o‘tish o‘rinli.

Tadbirda bir guruh bo‘lajak askarlar so‘z olib, Vatan himoyasi yo‘lidagi yigitlik burchlarini a’lo darajada ado etib, yurtga munosib farzand bo‘lish, ota-onalari bag‘riga yorug‘ yuz bilan qaytishga va’da berdi.

Shundan so‘ng bo‘lajak askarlar chegara qo‘shinlari harbiy qismiga tantanali ravishda kuzatildi.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari