Bolaga oila muhiti zarur
Qirgʻizistonda nogironligi boʻlgan bolalarning ota-onalari hukumatdan maosh olishga erishdi.
Qirgʻizistonda nogironligi boʻlgan bolalarning ota-onalari hukumatdan maosh olishga erishdi. Butunlay bolasiga bogʻlanib qolganlar shaxsiy yordamchi maqomini oladi. Shu bilan birga ularga maosh toʻlanadi. 15 yildan beri farzandlari nogiron boʻlgan oilalar oʻzlarining mehnati qadrlanishini soʻrab kelardi.
“Loyiha birinchi navbatda bola oilada yashab qolishiga qaratilgan. Bolaga oila muhiti zarur. Ikkinchi navbatda, shu kabi nogiron bolalarga doimiy ravishda qarab kelayotgan ota-onalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratiladi”, – deydi Ijtimoiy taraqqiyot vazirligining mehnat boshqarmasi boshligʻi Maxabat Turdumamatova.
Shaxsiy yordamchi sifatida nafaqat ota-onalardan biri, balki bolaning boshqa qarindoshi yoki maxsus taʼlim olgan kishi ham boʻlishi mumkin. Bu ish uchun hukumat besh ming som yoki 75 dollar berishga qaror qildi – bu pul mamlakatdagi eng kam turmush darajasidir. Patent, sugʻurta toʻlovlari va rasmiylashtirishni hukumat oʻz zimmasiga oladi. Bu toʻlovlar – kelajakda pensiya jamgʻarmasi boʻladi.
Davlat tomonidan koʻrsatiladigan bu kabi yordam oila xarajatlarining 15 foizini qoplaydi. Ammo bu ham katta yutuqdir. 15 yillik murojaatdan soʻng hukumat ota-onalarning iltimosiga eʼtibor qaratdi.