Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni butun dunyo bolalari uchun eng beg‘ubor va quvonchli bayram hisoblanadi. Bu kunni aynan 1 iyun sanasida nishonlash taklifi 1925 yil Jenevada ilgari surilgan va oradan 25 yil o‘tib 1950 yildan mazkur sana butun dunyoda Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni sifatida nishonlanib kelinadi.
Yurtimizda yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Bu esa har bir yosh, har bir bola davlat himoyasida ekanligi, ularning muammosi, yutug‘i davlat tomonidan nazoratdaligini anglatadi. Xullas, bolalarning ijtimoiy himoyasi, ularning sog‘lig‘i va ta’lim tarbiyasi doimiy e’tiborda. Bunday g‘amxo‘rlikdan hech bir bola chetda emas.

Majburiy ijro byurosi Navoiy viloyati boshqarmasi va tuman-shahar bo‘limlari xodimlari 1 iyun – Xalqaro bolalar kuni bayrami arafasida “Bolaga kitob bering!” shiori ostida ularni sog‘lom, bilimli va baxtli bo‘lib ulg‘ayishi uchun farzandlarini yolg‘iz tarbiyalayotgan, ehtiyojmand, aliment oluvchi onalar farzandlariga qiziqarli kitoblar hadya etdi.

– Bolaning ko‘nglini ko‘tarish insonning o‘ziga ham quvonch bag‘ishlaydi. Bunga bugungi tadbirda yana bir karra amin bo‘ldik. Sovg‘a olgan bolalar, quvongan biz bo‘ldik. Loyiha doirasidagi tadbirlarni davom ettiramiz, – deydi byuroning Navoiy viloyati boshqarmasi katta inspektori Feruza Mamanova.


Bolalar hayotimiz davomchisi. Ularni asrab-avaylash, har tomonlama barkamol qilib voyaga yetkazish ota-onaning muqaddas burchidir. Zero, har bir bola himoyada ekanligini his qilishi barchamiz uchun g‘oyat muhim. Bu ularning kelajakda komil inson bo‘lib ulg‘ayishi, Vataniga sadoqatli farzandlar bo‘lib yetishishida muhim o‘rin tutadi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA muxbiri