Bola farovonligiga sarmoya – mamlakat taraqqiyoti asosi
Samarqandda “Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlarning barqaror va adolatli taraqqiyoti sari yo‘l” butunjahon sammiti hamda bolalar onkologiyasi bo‘yicha II xalqaro kongrecc o‘z ishini boshladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ta’lim va ilm-fan vazirligi, “Zamin” xalqaro jamoat fondi tomonidan BMT Bosh kotibining bolalarga nisbatan zo‘ravonlik masalalari bo‘yicha maxsus vakili, YUNISEF, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Jahon banki va Xalqaro ijtimoiy ta’minot uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirlarda nufuzli xalqaro tashkilotlar va 100 dan ortiq davlat vakillari, xorijiy mamlakatlardan yuqori darajali mehmonlar, xalqaro ekspertlar, soha mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etmoqda.
Sammitning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning sammit qatnashchilariga tabrigini Prezident matbuot kotibi Sh.Asadov o‘qib eshittirdi.
Davlatimiz rahbari tabrigida bolaning sog‘lom o‘sishi va qobiliyatini ro‘yobga chiqarishi uchun yaratilgan sharoit mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyotiga ham mustahkam asos bo‘lishi, shu bois bolalikka yo‘naltiriladigan mablag‘lar davlat siyosatida izchil va barqaror o‘rin egallashi zarurligi alohida ta’kidlangan. Shundan kelib chiqib, mamlakatimizda ona va bola salomatligini muhofaza qilish, maktabgacha ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish, ijtimoiy xizmatlarni oilalarga yaqinlashtirish bo‘yicha islohotlar izchil amalga oshirilayotgani qayd etilgan. Nogironligi bo‘lgan bolalarning ta’limda ishtirok etishi, bolalarni zo‘ravonlik va ekspluatatsiyadan himoya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimiz dunyoda qurolli mojarolar, majburiy ko‘chish, iqlim o‘zgarishi va iqtisodiy qiyinchiliklar bolalar hayotiga og‘ir ta’sir ko‘rsatayotgan bir paytda har bir davlat o‘z mas’uliyatini bajarishi, xalqaro hamkorlik esa milliy imkoniyatlarni to‘ldirishi zarurligini ta’kidlagan. Bu borada bir qator muhim masalalarda Samarqanddagi muloqotni amaliy yo‘nalishlarga qaratish takliflarini ilgari surgan.
Shuningdek, marosimda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi raisi Xalilur Rahmon so‘zga chiqib, butunjahon sammitini o‘tkazish tashabbusini bildirgani va anjumanni yuqori saviyada tashkil etgani uchun O‘zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning sammit qatnashchilariga murojaatini BMTning O‘zbekistondagi doimiy vakili Sabine Maxl xonim o‘qib berdi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi xonimi, “Zamin” xalqaro jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva so‘zga chiqib, mamlakatimizda bolalarni ijtimoiy muhofaza qilish, ularning oila bag‘rida sog‘lom o‘sishi, sifatli ta’lim olishi va boshqa huquqlarini ta’minlash, bolalar saratonining oldini olish, kasallikni erta aniqlash va samarali davolash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, yirik dastur va loyihalar natijasiga e’tibor qaratdilar. Bu borada Ijtimoiy himoya milliy agentligining faoliyati muhim ahamiyatga ega ekanligi alohida ta’kidlandi. Agentlik va uning quyi tizim tashkilotlari tomonidan og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining 12 ta toifasiga ijtimoiy xizmat va ko‘mak ko‘rsatilmoqda. Ayni paytda agentlikning 14 ta hududiy boshqarmasi, tuman va shaharlarda 208 ta “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi, mahallalarda esa 9 ming nafar ijtimoiy xodim faoliyat yuritmoqda.
Ijtimoiy xizmat va yordam turlari yildan-yilga ko‘paytirilib, qamrov oshirilmoqda. Xususan, 2023-yilda agentlik tomonidan 23 ta xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, 2026-yilga kelib ijtimoiy xizmat va yordam turlari 140 taga, proaktiv xizmatlar soni esa 4 tadan 9 taga yetkazildi.

Mazkur tizim yo‘lga qo‘yilishi natijasida so‘nggi 3 yil ichida 3,9 million nafar fuqaro ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olindi. Mahalla darajasida ijtimoiy himoyaga muhtoj 600 mingdan ortiq shaxs va oila yangidan aniqlandi. Jumladan, 86,7 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxs, 22,3 ming nafar ota-ona qaramog‘isiz qolgan bola, 21,3 ming nafar parvarishga muhtoj shaxs, 17 ming nafar alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bola va 15,9 ming oila boquvchisini yo‘qotgani sababli aniqlanib, ularga davlat tomonidan tegishli yordam ko‘rsatilishi ta’minlandi.

BMT Bosh kotibining bolalarga nisbatan zo‘ravonlik masalalari bo‘yicha maxsus vakili Najat Malla Mjid bugun dunyoda bolalarni tibbiy-ijtimoiy muhofaza qilish, ularning har jihatdan sog‘lom o‘sishi, turli zo‘ravonliklardan asrash dolzarb bo‘lib turgan bir paytda Samarqand sammiti o‘tkazilishi tarixiy ahamiyatga egaligini ta’kidladi.
Tadbirda O‘zbekistonda bolalarni ijtimoiy muhofaza qilish, ularning farovonligi yo‘liga amalga oshirilayotgan islohotlar haqida videolavha namoyish etildi. Bolalarning ijodiy chiqishlari taqdim qilindi.

Butunjahon sammiti yuqori darajadagi mehmonlar, vazirlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari, xalqaro ekspertlar ishtirokidagi yalpi va panel sessiyalarda o‘z ishini davom ettirdi. Bu tadbirlarda bolalar farovonligini ta’minlash, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, sog‘liqni saqlash, erta rivojlanish hamda inklyuziv ta’lim sohalaridagi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Muhokamalar chog‘ida bolalarga yo‘naltirilgan investitsiyalar samaradorligini oshirish, har bir bola uchun teng imkoniyatlar yaratish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Sammitda ko‘rilayotgan masalalarning umumiy mezoni – bolaning hayotidagi aniq o‘zgarish. Mazkur yondashuv xalqaro ishtirokchilar uchun erta rivojlanish, zo‘ravonlikdan himoya, inklyuziv ta’lim, bolalar onkologiyasi va oilalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tajriba almashish hamda kelgusi hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilishga asos yaratadi.
Xalqaro forum tadbirlari davom etmoqda.
G‘olib Hasanov,
O‘zA muxbiri