Bokuda Turkiy dunyo bastakorlari kongressi o‘tkaziladi
Joriy yilning 18–20-sentabr kunlari Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida Uzeyir Hojibeyli xalqaro musiqa festivali doirasida XVIII Turkiy dunyo bastakorlarining birinchi kongressi bo‘lib o‘tadi.
Anjuman Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi, ICESCOning mintaqaviy vakolatxonasi, Ozarbayjon Respublikasi Madaniyat vazirligi, Ozarbayjon Kompozitorlar uyushmasi hamda Ozarbayjon Milliy konservatoriyasi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.
Tadbir Birinchi Boku turkologiya quriltoyining 100 yilligi, atoqli ozarbayjon shoiri va mutafakkiri Nizomiy Ganjaviy tavalludining 885 yilligi hamda g‘azal mulkining sultoni hazrat Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligiga bag‘ishlanadi.
Ushbu nufuzli yig‘inda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Turkiya, Turkmaniston va Vengriya musiqa jamoatchiligining taniqli vakillari ishtirok etadi.
Ta’kidlanishicha, uch kunlik dastur institutsional, ilmiy va ijodiy tadbirlarni qamrab oladi. Kongress doirasida yalpi va ta’sis majlislar, davra suhbatlari, ko‘rgazmalar, shuningdek, simfonik va an’anaviy musiqa konsertlari tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Konferensiyaning asosiy voqeasi Turkiy bastakorlar ittifoqi (Turkic Union of Composers – TUC) ning tashkil etilishi bo‘ladi. Yangi xalqaro professional tuzilma turkiy mamlakatlarning yetakchi kompozitorlari, musiqashunoslari, ijrochilari hamda musiqa tashkilotlari vakillarini birlashtirishni maqsad qilgan.
19-sentabr kuni Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi binosida Turkiy bastakorlar ittifoqining ta’sis yig‘ilishi o‘tkaziladi. Unda tashkilotni tuzish to‘g‘risidagi Boku deklaratsiyasini imzolash hamda yangi xalqaro professional platforma nizomi loyihasini muhokama qilish ko‘zda tutilgan.
Qayd etish kerakki, yangi ittifoqning tashkil etilishi turkiy dunyo musiqa jamoatchiligi o‘rtasidagi professional aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Uning faoliyatida mushtarak musiqiy merosni asrab-avaylash va rivojlantirish, zamonaviy kompozitorlik maktablarini qo‘llab-quvvatlash, ijodiy almashinuvni kengaytirish hamda turkiy xalqlar musiqa san’atini xalqaro maydonda keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratiladi.
Shuningdek, forum yakunida matbuot anjumani o‘tkazilishi ham belgilangan. Unda Turkiy dunyo bastakorlari kongressi yakunlari, Turkiy kompozitorlar ittifoqining tashkil etilishi, Boku deklaratsiyasining imzolanishi hamda yangi professional birlashmaning kelgusi faoliyat istiqbollari haqida ma’lumot beriladi.
Mazkur kongress turkiy xalqlarning boy va mushtarak musiqiy merosini zamonaviy ijod jarayonlari bilan uyg‘unlashtirish, kompozitorlar va musiqashunoslar o‘rtasida yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda turkiy dunyo musiqa san’atining xalqaro nufuzini oshirishga qaratilgan yangi muloqot maydoni bo‘lishi kutilmoqda.
O‘.Alimov, O‘zA