Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida o‘tkazilgan “Katta dubulg‘a“ turkumidagi turnir yakunlandi.
Mukofot jamg‘armasi 154 ming yevrodan iborat xalqaro turnirda 36 davlatning 258 dzyudochisi medallar hamda jahon reytingi ochkolari uchun bahs olib bordi.
Shiddatli kechgan bellashuvlar sarhisobiga ko‘ra, Yaponiya terma jamoasi a’zolari 10 ta oltin, 4 ta kumush, 3 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida 1-o‘rinni, 1 ta oltin, 2 ta kumush medalni qo‘lga kiritgan Germaniya 2-o‘rinni egalladi. 1 ta oltin, 1 ta kumush, 3 ta bronza medalini jamg‘argan Ozarbayjon terma jamoasi kuchli uchlikka yakun yasadi.
Boku tatamilaridagi musobaqalarda 22 davlat vakillari kamida bitta bronza medali bilan qaytdi.
Xalqaro tajribasi kam dzyudochilar bilan qatnashgan O‘zbekiston terma jamoasi sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kirita olmagan bo‘lsa-da, bronza medali uchun kurashgan Azizbek Ortiqov yakunda beshinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, So‘g‘diyona Rafkatova, Marjona Nurulloyeva, Azizbek Avazmurodov va Rustam Shorahmatov 7-o‘rinni band etdi.
Endi dunyo dzyudochilari 28 fevral-2 mart kunlari poytaxtimizdagi “Yunusobod“ sport majmuasida o‘tadigan “Katta dubulg‘a“ turkumiga kiruvchi nufuzli musobaqada ishtirok etadi.
Bugungacha 3 qit’aning 25 davlatidan 266 nafar dzyudochi Toshkentga kelishini rasman tasdiqladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA