Bokschilarimizning navbatdagi g‘alabasi
Poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” sport majmuasida Xalqaro havaskor bokschilar uyushmasi (AIBA)ning Butunjahon boks seriyasi (WSV) va yarim professional bokschilar (ARV) yo‘nalishlari bo‘yicha turnirlar o‘tkazildi.
Poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” sport majmuasida Xalqaro havaskor bokschilar uyushmasi (AIBA)ning Butunjahon boks seriyasi (WSV) va yarim professional bokschilar (ARV) yo‘nalishlari bo‘yicha turnirlar o‘tkazildi.O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, mamlakatimiz boks federatsiyasi hamda Xalqaro havaskor bokschilar uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan turnirda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Irlandiya, Turkiya, Eron bokschilari ringga ko‘tarildi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sportni rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik samarasida Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan boks ham mamlakatimiz yoshlari orasida tobora ommalashmoqda. Buning samarasida nufuzli musobaqalarda g‘olib bo‘layotgan sportchilarimiz safi yildan-yilga ko‘paymoqda.
Davlatimiz rahbarining 2013-yil 25-fevraldagi “O‘zbekiston sportchilarini 2016-yilda Rio-de-Janeyro (Braziliya)da bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qilmoqda.
Bu poytaxtimizda o‘tgan nufuzli musobaqada yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi.
WSB yo‘nalishidagi bahslarda mamlakatimizning “Uzbek Tigers” va Ozarbayjonning “Azerbaijan Baku Fires” jamoalari o‘zaro kuch sinashdi. Unda bokschilarimiz 5:0 hisobida g‘alaba qozondi.
O‘z vazn toifasida Nodirjon Mirzahmedov Rasul Saliyevdan, Abdulhay Shorahmatov Yarash Magometovdan, Fazliddin Meliboyev Zaur Abdullayevdan, Sardorbek Begaliyev Haji Murtuzaliyevdan ochkolar bo‘yicha ustun keldi, Ulug‘bek Haqberdiyev esa Levani Luxutashvilini uchinchi raundda nokautga uchratdi.
– Mamlakatimizda biz, sportchilar o‘z qobiliyatimiz, iste’dodimiz va salohiyatimizni namoyon etishimiz uchun keng imkoniyatlar yaratilgan, – deydi Ulug‘bek Haqberdiyev. – 2016-yili bo‘ladigan Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishni va unda munosib qatnashib, xalqimiz va Prezidentimiz ishonchini oqlashni maqsad qilganmiz.
“Uzbek Tigers” jamoasi 2-aprel kuni Qozog‘istonda “Astana Arlans” jamoasiga qarshi bahs olib boradi.
Eslatib o‘tamiz, jamoamiz “D” guruhida 13 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda.
ARV yo‘nalishida ringga chiqqan Jasurbek Latipov eronlik Sayad Muhammadpur, Iqboljon Xoldorov irlandiyalik Peter Raymond, Dilshod Mahmudov turkiyalik Onder Sipal bilan bo‘lgan jangda g‘alaba qozondi.