Bokschilarimiz Osiyo chempionatini 11 medal bilan yakunladi
Mo‘g‘ulistonning Ulan-Bator shahrida boks bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi umumiy hisobda 3 ta oltin, 4 ta kumush va 4 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, musobaqaning so‘nggi kunida erkaklar o‘rtasida final janglari o‘tkazildi. Unda Abdulloh Madaminov, Fazliddin Erkinboyev va Halimjon Mamasoliyev o‘z vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Javohir Abdurahimov va Jasurbek Yo‘ldoshev finalga qadar o‘tgan bellashuvlarda barcha raqiblarini yengib, kumush medalga sazovor bo‘ldi. Abdurahmon Mahmudjonov esa bronza medal bilan taqdirlandi.
Ayollar o‘rtasida esa Aziza Zokirova, Ruxshona Parpiyeva kumush, Nigina O‘ktamova (-57), Oysha Toirova (-70) va Oltinoy Sotimboyeva(+80) bronza medalga loyiq ko‘rildi.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil Chiangmay (Tailand) shahrida o‘tgan kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida bokschilarimiz 10 ta oltin, 6 ta kumush, 3 ta bronza medalga sazovor bo‘lgan edi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA