Bokschilarimiz nufuzli turnir shohsupasida
Germaniyaning Galle shahrida boks bo‘yicha o‘tkazilgan an’anaviy “Chemistry Cup” xalqaro turnirida terma jamoamiz a’zolari 3 oltin, 2 kumush va 2 bronza medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.
Germaniyaning Galle shahrida boks bo‘yicha o‘tkazilgan an’anaviy “Chemistry Cup” xalqaro turnirida terma jamoamiz a’zolari 3 oltin, 2 kumush va 2 bronza medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.Nufuzli turnirda o‘ndan ziyod davlatdan yuz nafarga yaqin bokschi o‘nta vazn toifasida g‘oliblik uchun kuch sinashdi. Vazni 49 kilogrammgacha bo‘lgan charm qo‘lqop ustalari o‘rtasidagi bahslarda qatnashgan tajribali bokschimiz Hasanboy Do‘smatov Janubiy koreyalik Kim Von Xo, polshalik David Jagodzinski va finalda mo‘g‘ulistonlik Ganxuyag Gan-Erdene ustidan g‘alaba qozonib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
Yana bir hamyurtimiz Abror Qodirov vazni 52 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasida tengsiz ekanini isbotladi. U yarim finalda germaniyalik Ronni Beblikni, hal qiluvchi bahsda fransiyalik Eli Konkini mag‘lubiyatga uchratib, birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Terma jamoamizga navbatdagi oltin medalni eng og‘ir vazn toifasidagi bokschilar bellashuvida qatnashgan Bahodir Jalolov keltirdi. Iqtidorli sportchimiz chorak finalda germaniyalik Florian Shulsni 2:1 hisobida yenggan bo‘lsa, yarim finalda Janubiy Koreya vakili Xua Piyeong Song va finalda yana germaniyalik bokschi Maks Kellerni texnik nokautga uchratdi.
O‘z vazn toifasida Murodjon Ahmadaliyev va Burgut Hojiboyev kumush, Isroil Madrimov va Rustam To‘laganov bronza medal bilan taqdirlandi.