“World Boxing” tashkiloti tomonidan boks bo‘yicha erkaklar o‘rtasida o‘tkazilgan 4 ta yirik musobaqada ishtirok etgan terma jamoalarning medallari sarhisob qilindi.
Quvonarlisi, unda O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi 17 ta oltin, 3 tadan kumush va bronza medaliga ega chiqqan holda medal jamg‘arishda birinchi o‘rindan joy oldi.

Jadvalning ikkinchi pog‘onasidan Qozog‘iston terma jamoasi o‘rin oldi. Ularda 11 ta oltin, 1 ta kumush va 4 ta bronza medali bor. Braziliya termasi 6 ta oltin, 5 ta kumush va 1 ta bronza medal bilan kuchli uchlikni yakunlab berdi. Shuningdek, Polsha 3 oltin, 3 kumush va 8 bronza, Hindiston 1 ta oltin, 4 ta kumush va 6 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, 4-5 pog‘onalardan joy oldi.
Eslatib o‘tamiz, sentyabr oyida Angliyaning Liverpul shahrida “World Boxing” tashkiloti tomonidan ilk marotaba tashkil etilgan boks bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 6 oltin, 2 kumush va 3 bronza medal jamg‘argan edi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA