Bokschilarimiz jahon chempionatiga puxta tayyorlanmoqda
Joriy yilning 25 oktyabr – 6 noyabr kunlari Serbiyaning Belgrad shahrida erkaklar o‘rtasida boks bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. Unda mamlakatimiz terma jamoasi ham ishtirok etadi.
Ushbu jahon chempionati dunyo bokschilari uchun joriy yilning eng so‘nggi nufuzli sport musobaqasidir. Shu bois ham mutaxassislar o‘z vaznida yuqori marralarni zabt etayotgan charm qo‘lqop ustalarini kuzatishi, shubhasiz. Ayniqsa, so‘nggi yillarda o‘zbek bokschilarini yengish uchun nafaqat qit’amiz, balki dunyoning eng kuchli bokschilari izlanmoqda. Ikki yil avvalgi Rossiyada o‘tkazilgan jahon chempionatida sportchilarimiz 3 oltin, 1 kumush va 1 bronza medal jamg‘arib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallagani esa charm qo‘lqop ustalarimizga katta mas’uliyat yuklaydi.
Milliy terma jamoamiz mazkur nufuzli chempionat oldidan Toshkent viloyatida joylashgan "Yangiobod" o‘quv bazasida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazmoqda. Jahon chempionatida munosib ishtirok etish uchun O‘zbekiston boks federatsiyasi tomonidan mashg‘ulotlarni zamonaviy talablar darajasida tashkil etish maqsadida barcha sharoit yaratilmoqda. Tayyorgarlik davomida sportchilarimiz jismoniy va texnik holatni yaxshilovchi mashqlar o‘tkazmoqda. Yig‘inda murabbiylar bokschilarimizning o‘z vaznidagi kuchli raqiblarini puxta o‘rganib, ularni jangga tayyorlamoqda. Shuningdek, yig‘inga 12 oktyabr kuni Kuba terma jamoasi ham qo‘shiladi. Bu esa har ikkala terma jamoa uchun jahon chempionati oldidan ancha samarali bo‘lishi, shubhasiz. O‘quv-mashg‘ulot yig‘ini 22 oktyabrga qadar davom etadi.

– So‘nggi yillarda qayd etayotgan natijalarimizga har bir nufuzli musobaqalar oldidan belgilangan tartibda tayyorgarlik ko‘rishimiz sababdir. Albatta, joriy yilgi sport mavsumi biz bokschilar uchun katta sinovlarga boy o‘tmoqda. Osiyo chempionati, Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionatining bir yilga to‘g‘ri kelishi har bir sportchi uchun jiddiy sinovdir. Har bir mashaqqat zamirida katta rag‘bat yotadi. Nasib etsa, dunyo birinchiligida chempion bo‘lishga intilaman, – deydi Mirazizbek Mirzaxalilov. – Sharoitlar haqida to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsam, barchasi a’lo darajada. Buning uchun Prezidentimizga, Milliy olimpiya qo‘mitasi va boks federatsiyasiga minnatdorchilik bildiraman. Ushbu sharoitlar, bizga qaratilayotgan ulkan e’tiborga javoban biz yuksak marralarni zabt etgan holda javob beramiz.
– Hozir terma jamoamiz a’zolarining barchasi sog‘lom va kuchli nazorat ostida. "Yangiobod" o‘quv bazasida o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini ko‘ngildagidek o‘tmoqda. Kuba terma jamoasi bilan birgalikda o‘tadigan yig‘in esa yuksak marralarni zabt etishimiz uchun alohida o‘rin egallaydi. Ikkala jamoa tarkibida yuqori salohiyatli charm qo‘lqop ustalari bor. Bu esa har bir terma jamoa uchun yaxshi samara beradi. Biroq bir vaznda bellashadigan sportchilar uchun birgalikdagi mashg‘ulot biroz noqulaylik tug‘diradi. Sababi, ular chempionatda o‘zaro raqibga aylanishi mumkin. Shunday bo‘lsa-da, shogirdlarimiz g‘alaba qozonish uchun har qanday cho‘qqini zabt etishga intiladi va bu marra zabt etilishiga ishonamiz, – deydi terma jamoa katta murabbiyi Rahmatjon Ro‘zioxunov.
Darhaqiqat, bugun mashg‘ulotlarga zo‘r berayotgan, qiyinchiliklarni sabr bilan yengayotgan o‘zbek o‘g‘lonlari jahon chempionatida yuksak natijalar qayd etishiga ishonamiz.
Ma’lumot uchun, terma jamoamizning jahon chempionati uchun belgilagan tarkibiga Rio olimpiadasi vitse -chempioni, 2017 yil Germaniyada o‘tkazilgan jahon chempionati g‘olibi Shahram G‘iyosov va Olimpiya chempioni Hasanboy Do‘smatov ham kiritilgan.
Shuningdek, terma jamoaning asosiy tarkibida Nodirjon Mirzahmedov, Shahobiddin Zoirov, Mirazizbek Mirzaxalilov, Abdumalik Xalokov, Mujibullo Tursunov, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev, Saidjamshid Jafarov, Odiljon Aslonov, Shohjahon Abdullayev, Madiyor Saidrahimov, Lazizbek Mullajonovlar bor.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA