Bokschilarimiz bugungi bahslarni g‘alaba bilan boshladi
Mo‘g‘ulistonning Ulan-Bator shahrida boks bo‘yicha davom etayotgan Osiyo chempionatida saralash bahslari davom etmoqda. Musobaqaning 2-aprel kunidan o‘rin olgan bellashuvlarida bugun 3 nafar vakilimiz ringga ko‘tarilishi oydinlashgan edi.
Ushbu bokschilarimiz orasida bugungi bellashuvlarni vazni -65 kg. bo‘lgan Abdulloh Madaminov boshlab berdi. Charm qo‘lqop ustamiz saralashda singapurlik Kayelan Klark bilan raqobatlashdi va 3-raundda raqibini texnik nokautga uchratdi.
Endi vazni 80 kilogrammgacha bo‘lgan Fazliddin Erkinboyev qirg‘izistonlik Sag‘in Satibaldi Uuluga qarshi jang o‘tkazsa, 90 kilogrammdan og‘ir vazn toifasida Arman Maxanov mezbon bokschi Beknur Xali bilan kuch sinashadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA