Poytaxtimizda boks bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida bir hafta davom etgan O‘zbekiston kubogi yangi-yangi iste’dodlarni aniqlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Mamlakatimizning turli hududlaridan 18 ta boks jamoalarining 200 nafardan ziyod umidli sportchilari ishtirok etgan kubok yakunlariga ko‘ra, poytaxtimizning o‘smir bokschilar jamoasi umum jamoada 4 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medallarini qo‘lga kiritib 1-o‘rinni egalladi. Toshkent-2 jamoasi 2 ta oltin, 1 tadan kumush, bronza bilan 2-o‘rinni, har biri 2 tadan oltin va 1 tadan bronza medaliga ega chiqqan Buxoro va Toshkent viloyati jamoalari kuchli uchlikdan joy oldi.

15 ta vazn toifasida tashkil etilgan kubok musobaqalaridagi shiddatli janglar finallarida o‘z vaznlarida g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilgan Doston Qo‘chqorov, Abdulloh Qodirov, Habibulla Shoynazarov, Javohir G‘ovliddinov, Bekzod Ismoiljonov, Elyor Rustamov, Bobomurod Boymirzayev, Ibrohim Shokirjonov, Abrorbek Sharipov, Jahongir Zayniddinov, Doniyor Narzullayev, Suhrob Rahmatullayev, Jasurbek Usmonjonov, Diyorbek Murodullayev, Sardor Sa’dullayev yurtimizda iste’dodli charm qo‘lqop ustalarining munosib izdoshlari kamol topayotganini ko‘rsatdi.

Kubok musobaqalarining final janglaridan so‘ng taqdirlash marosimi hamda musobaqa sarhisobi e’lon qilindi.
Janglarni kuzatib borgan O‘zbekiston boks federatsiyasi ekspertlar komissiyasining xulosasiga ko‘ra, mamlakat kubogining eng yaxshilari e’tirof etildi va munosib taqdirlandi.
Toshkent shahar jamoasi “eng yaxshi terma jamoa” sifatida talqin etilgan bo‘lsa, Ibrohim Shokirjonov “eng yaxshi bokschi", O‘ktam Bozorov "musobaqaning eng yaxshi hakami", deb topildi.

O‘zbekiston kubogi davomida xalqaro toifadagi "1 yulduzli hakam” imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirgan 15 nafar mahalliy mutaxassislarga Xalqaro boks assotsiatsiyasining ko‘krak nishonlari taqdim etildi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA