Boks: Muhammadqodir Abdullayevning yangi izdoshi qit’a chempionatida ishonchni oqlay oladimi?
Tailandning Chiangmay shahrida boks bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tayotgan Osiyo chempionatining ikkinchi kungi bellashuvlari kutilgan va kutilmagan natijalarga boyligi bilan ajralib turdi.
-57 kilogramm og‘irlikda Vatanimiz sharafini himoya qilayotgan bokschimiz Mirazizbek Mirzahalilov nimchorak final jangida Xitoy vakili Dicheng Ligani 5:0 hisobida mag‘lub etdi.
"Parij-2024" yozgi Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi To‘rabek Habibullayevning tojikistonlik Abdumalik Boltayevni(5:0) katta ustunlik hisobida dog‘da qoldirganini ikkinchi kunning kutilgan g‘alabasi bo‘ldi, deyish mumkin.

Kutilmagan natijani esa hamyurtimiz Dilshod Abdumurodov -60 kilo og‘irlikda qayd etdi.
Hamyurtimiz nimchorak final bosqichida qozog‘istonlik Bibars Jexenga qarshi jang olib bordi. 3 raund davom etgan bahsda Abdumurodov(1:4) raqibiga ochkolar hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Chempionatni g‘alaba bilan boshlagan Mirazizbek 5 dekabr kuni o‘tadigan chorak final jangida tojikistonlik Husravxon Rahimov bilan, To‘rabek Habibullayev chorak finalda afg‘onistonlik Samir Davrai Ahmadga ro‘baro‘ keladi.

Bugun -63,5 kilogrammda Adhamjon Muhiddinov xitoylik Jenmin Dai bilan, -75 kilogrammda Javohir Ummataliyev qirg‘izistonlik Daniyel Abdanmanov bilan hamda -48 kilogrammda Farzona Fozilova nepallik Arati Bhomjan bilan jang o‘tkazadi.

Aytish lozim, bundan 24 yil muqaddam aynan -63,5 kilogramm vaznda Muhammadqodir Abdullayev O‘zbekiston tarixidagi ilk Olimpiya oltin medaliga sazovor bo‘lgandi. Abdullayevdan keyin ushbu og‘irlikda o‘nlab bokschilarimiz xalqaro musobaqalarda Vatanimiz sharafini himoya qildi. O‘tgan yili "Parij-2024" Olimpiadasida ushbu vaznda Ruslan Abdullayev ishtirok etdi. Ruslan Abdullayevning yaqinda professional boksda faoliyat boshlashi esa umidli sportchimiz Adhamjon Muhiddinovga yarim o‘rta vaznda O‘zbekiston sharafini himoya qilish imkoniyatini taqdim etdi. U bu imkoniyatdan foydalana bilarmikan? Murabbiylar ishonchini oqlay olarmikan? Bu kabi savollarga javobni esa ringdagi shiddatli janglar orqali bilib olamiz.
Eslatib o‘tamiz, 21 davlatning 210 nafar bokschisi ishtirok etayotgan qit’a chempionati 12 dekabrgacha davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA