Boks: kuchlilar orasida kuchlilar
Harbiy bokschilar o‘rtasidagi 58-jahon chempionatining 21 sentyabr kungi musobaqalarida matonat ko‘rsatgan 4 nafar vakilimiz keyingi bosqichga chiqqanligidan xabaringiz bor.
Kechagi janglarda mardonavorlik ko‘rsatgan Shohruxbek Rustamov(81) va Javohir Tog‘aymurodov(91) bugun 22 sentyabr kungi janglarda ham ishtirok etadi.
22 sentyabr kungi ertalabki janglarda o‘zbekistonlik bokschilardan qizlar o‘rtasida 75 kilogramm vaznda Mavluda Mavlonova rossiyalik Marika Urakova bilan uchrashadi.
Shuningdek, o‘g‘il bolalardan 60 kg.da Shunqor Abdurasulov zimbabvelik Ben Bando, 49 kg.da Abdumajid Mannopov braziliyalik Sikusira Konseikao, 56 kg.da Samandar Xolmurodov rossiyalik Ovik Oganesyan, 64 kg.da Mujbillo Tursunov jazoirlik Yaxyo Abdelli, 91 kg.da Javohir Tog‘aymurodov suriyalik Ala Aldin Gxusan bilan keyingi bosqich masalasini hal etadi.
Chempionatning kechki dasturida Shohruxbek Rustamov 81 kg. og‘irlikda rossiyalik kuchli bokschi Ivan Sagaydakni mag‘lub etgan jazoirlik Muhammad Xoumri bilan, +91 kg.da esa Lazizbek Mullajonov keniyalik Ofiyeno Ramodji bilan jang o‘tkazadi.
–Harbiylar o‘rtasidagi jahon chempionatining deyarli yarmi ortda qoldi. Hozircha, rejaga binoan munosib tarzda ishtirok etmoqdamiz. Eng qiyin janglar boshlanmoqda. Asosiysi, sportchilarimizning kayfiyati a’lo. Bugun chempionat mobaynidagi eng og‘ir kunlardan biri. 7 nafar bokschimiz ringga ko‘tariladi. Niyatimiz, albatta, harbiylar o‘rtasidagi jahon chempionatidan ko‘proq medal olib, harbiy sportchilarimizning salohiyatini jahonga ko‘rsatish, O‘zbekiston nomini ulug‘lash, – deydi O‘zA muxbiri bilan telefon orqali muloqotda boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi murabbiyi Elshod Rasulov.
Aytish lozimki, mazkur nufuzli musobaqalarda bir qator olimpiya o‘yinlari va jahon chempionatlarining g‘oliblari ishtirok etmoqda. Shu boisdan ham har bir jangning murosasiz o‘tayotganligi tabiiy. Ishonamizki, kuchlilar orasida kuchli bo‘lish “O‘zbek yo‘lbarslari”ga xos xislat.
Jahon chempionatining ertalabki dasturlari Moskva vaqti bilan 12.00 da boshlansa, kechki musobaqalarga 17.00 da start beriladi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA