Bugun, 13 dekabr kuni poytaxtimizdagi “Universal” sport majmuasida bir haftadan buyon davom etayotgan boks bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining ayollar o‘rtasidagi musobaqalarida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.
Murosasiz musobaqalar yakuniga ko‘ra, ayollar boksida samarqandliklar 3 ta oltin medalga ega chiqqan holda umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, buxorolik qizlar 2 tadan oltin va kumush, 3 ta bronza bilan ikkinchi o‘rinni hamda hali biror marta umumjamoadan joy olmagan Qashqadaryo vakillari ilk bora mamlakat chempionatini 2 ta oltin va 1 ta kumush bilan yakunlab, uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Chempionat davomida kutilganidek, yoshlar o‘rtasida jahon chempioni Nigina O‘ktamova, olimpiya o‘yinlari ishtirokchilari Navbahor Hamidova, Rayhona Qodirova, Tursunoy Rahimova kabi yetakchi bokschilar o‘z vazn toifalarida tengsiz ekanliklarini namoyish etishdi.
Xuddi shuningdek, buxorolik Farzona Fozilova, Sabina Boboqulova, samarqandlik Sitora Turdibekova, qashqadaryolik Mavluda Mavlonova, farg‘onalik Mohinabonu Abdullayeva, jizzaxlik Xadichabonu Abdullayeva, farg‘onalik Sohiba Ro‘zmetova o‘z vaznlarida mamlakat chempionatida shohsupaning eng yuqori pag‘onasiga ko‘tarilishdi.

Musobaqaning yana bir ahamiyatli jihati, chempionatda kumush va bronza medallariga musharraf bo‘lgan Rashida Tagirova, Sirg‘a Bisenbayeva, Anjelno Nizamatdinova, Nursulu Otarboyeva, Gulayim Bekmuratova timsolida Qoraqalpog‘iston boksida yuksalish bo‘lganligini kuzatish mumkin. Bu ayollar boksida yangi avlod vakillari yetishib chiqayotganligidan dalolat bermoqda.

O‘zbekiston chempionatining g‘olib va sovrindorlari diplom, medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Bugun kuning ikkinchi yarimida chempionatda erkaklar o‘rtasidagi yarim final janglari bo‘lib o‘tdi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA