Bo‘kada “Mahalla byudjeti” tizimi joriy etiladi
Prezidentimizning 2022 yil 26 dekabrdagi “Mahalla byudjeti” tizimini joriy etish orqali mahallalarning moliyaviy imkoniyatini yanada kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, joriy yil 1 yanvardan boshlab har bir viloyatning soliq undirilishi past bo‘lgan bittadan tumanida, tajriba tariqasida, aholining mol-mulk va yer solig‘ini undirish mahallaning o‘ziga o‘tkaziladi. Undirilgan mol-mulk va yer solig‘i mahalla byudjetida qoladi.
Bu bo‘yicha Toshkent viloyatida Bo‘ka tumani tanlab olinib, endilikda mahallalar tomonidan jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk, yer solig‘ini aholining soliq to‘lash savodxonligini oshirish orqali undirishga ko‘maklashish va har bir mahalla o‘zining muammosini mustaqil hal etish tizimi hayotga tatbiq etiladi. Bu haqida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayevning tegishli qarori imzolandi. Ayni paytda har bir mahallaning o‘ziga xos xususiyati va salohiyatidan kelib chiqqan holda qo‘shimcha manbalarni izlash va shu asosda ularning daromadlari bazasini kengaytirish yo‘li bilan mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish choralari ham ko‘rilmoqda.
Shuningdek, har yili 1 fevralgacha har bir tumanda hokimlar mahalla raisi va hokim yordamchilari bilan birga mahalla byudjeti hisobidan hal qilinadigan loyihalar ro‘yxatini Xalq deputatlari tuman Kengashlariga tasdiqlash uchun kiritadi. Shu bilan birga “Mahalla byudjeti” tizimi orqali shakllangan mablag‘larning sarflanishi to‘g‘risida hamda jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha mavjud soliq qarzdorligi haqidagi ma’lumotlar “Ochiq byudjet” axborot portali orqali e’lon qilib boriladi.
A.Musayev,O‘zA.